ALOQA UCHUN

Rasman: Vazirlar Mahkamasining 894-son qarori talablari notoʻgʻri talqin qilinmoqda. Qoidalarning 85-bandida maishiy isteʼmolchilar koʻzda tutilmagan

 

Ijtimoiy tarmoqlarda “Elektr energiyasi isteʼmoli 200 kilovattdan oshsa, har bir kilovatt uchun 900 soʻm emas, 540 soʻmdan toʻlanadi” mazmunida notoʻgʻri maʼlumot aylanmoqda.

Ushbu noaniqlik Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrda imzolangan 894-son qarori bandlarining notoʻgʻri talqin qilinishi tufayli yuzaga kelmoqda. Unga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 85-bandiga “Hisob-kitob davrida isteʼmolchilar tomonidan (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasi isteʼmoli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, ortiq isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida qoʻshimcha toʻlov undiriladi”, deya oʻzgartish kiritilgan.

Bu yuridik isteʼmolchilar oʻzlari uchun belgilangan limitdan 20 foiz va undan koʻp miqdorda elektr energiyasi (tabiiy gaz emas!) isteʼmol qilganlarida, ortiqcha ishlatilgan har bir kVt⋅soat uchun qoʻshimcha 20 foiz miqdorida haq toʻlashlari lozimligini anglatadi (bunga qadar ikki baravar haq toʻlashlari koʻzda tutilgan edi). Demak, texnik shartida bir oy mobaynida 100 ming kVt⋅soat elektr energiyasi sarflashi koʻzda tutilgan ishlab chiqarish sexi oy mobaynida 125 ming kVt⋅soat elektr energiyasi isteʼmol qilsa, ortiqcha ishlatilgan 5 ming kVt⋅soat uchun 900 soʻmdan emas, 1080 soʻmdan toʻlov qiladi.

Aholi isteʼmolchilari III tarif guruhiga mansub boʻlib, maishiy isteʼmolchilar sanaladi. Qoidalarning tegishli bandida esa aniq-ravshan qilib “maishiy isteʼmolchilardan tashqari” deya koʻrsatib oʻtilgan.

Ayrim blogerlarning qaror mohiyatini toʻla anglab yetmay turib, notoʻgʻri maʼlumot tarqatishlari tufayli aholi orasida turli tushunmovchiliklar paydo boʻlmoqda.

Biz bloger va jurnalistlarni ijtimoiy masʼuliyatli boʻlishga, xayp ortidan quvib, oʻzlari tushunib yetmagan maʼlumotni tarqatishdan tiyilishga chaqiramiz.

Vazirlik Axborot xizmati har bir tahririyat yoki blogerlar bilan izchil hamkorlikka tayyor. Yuborilgan har qanday soʻrov yoki murojaat javobsiz qolmaydi.

  • 03.01.2025
  • 4112
Sayt xaritasi