RASMIY MUNOSABAT
HISOBLAGICH ORQALI CHEKLOVLAR KIRITILISHI ZARUR HOLLARDA QО‘LLANILADI
Ijtimoiy tarmoqlarda “Endi xonadonda birdaniga uchta konditsionerni ulasangiz hisoblagich tokni avtomatik tarzda uzadi” yoki “hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritiladi” sarlavhali xabarlar keng tarqalib, bu, о‘z navbatida, kо‘pchilik elektr energiyasi iste’molchilari orasida turli tushunmovchiliklar va qator savollarni keltirib chiqarmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarori bilan о‘zgartirish kiritilgan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning tegishli bandiga asosan, joriy yil 1 noyabrdan boshlab iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bо‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan ma’lum bir hududlarda iste’molchilarni uzoq vaqt elektr ta’minotidan uzilib qolmasligini ta’minlash maqsadida zarurat yuzasidan qо‘llaniladi. YA’ni, bu yil qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti kabi vaziyatlardagina ma’lum bir vaqt oralig‘ida elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklamalar tushishini oldini olish uchun amalga oshiriladi.
Ma’lumot о‘rnida, yuqoridagi qarorga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bо‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan hamda joylashgan hududidan kelib chiqqan holda, hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilanganini e’tirof etish joiz.
Shu о‘rinda, qator ijtimoiy tarmoqlar hamda blogerlardan aholi orasida turli tushunmovchiliklar keltirib chiqarmaslik uchun soha mutaxassislari hamda vakolatli tashkilotlardan rasmiy ma’lumot olmasdan turib bunday xabarlarni tarqatmasliklarini sо‘rab qolamiz.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati