Elektr energiyasi kundalik hayotimizning ajralmas qismi. Biroq undan foydalanishda oddiy xavfsizlik talablariga rioya qilmaslik, ayniqsa, bolalar hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Shu bois, yosh avlodda elektr toki bilan bog‘liq xavflar haqida to‘g‘ri tasavvur shakllantirish, ularni ehtiyotkorlikka o‘rgatish hamda favqulodda vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligini tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutaxassislari tomonidan umumta’lim maktablarida muntazam ravishda tushuntirish va targ‘ibot uchrashuvlari tashkil etilmoqda.

Navbatdagi ana shunday tadbir Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 121-umumta’lim maktabida o‘tkazildi.

Muloqot davomida o‘quvchilarga elektr qurilmalari va tarmoqlari atrofida xavfsizlik qoidalariga amal qilish, uzilgan yoki ochiq elektr simlariga yaqinlashmaslik, transformator punktlari va boshqa elektr inshootlari hududiga kirmaslik zarurligi hayotiy misollar orqali tushuntirildi.

Shuningdek, elektr toki urishi xavfi yuzaga kelgan holatlarda mustaqil ravishda xavfli harakatlarni amalga oshirmaslik va zudlik bilan kattalarga xabar berish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Zero, elektr xavfsizligi qoidalarini bilishning o‘zi kifoya emas — ularga kundalik hayotda amal qilish har bir insonning mas’uliyatidir. Bolalar xavfsizligi esa barchamizning ustuvor vazifamizdir!