Kuni kecha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda “Maqom san’ati” ijodiy birlashmasi hamda Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi o‘rtasida maqom san’atini rivojlantirish va mazkur yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.

Mazkur memorandum Toshkent shahrida maqom san’atining tarixiy ildizlari va ijrochilik an’analarini o‘rganish, milliy musiqiy merosimizni asrab-avaylash, uni keng targ‘ib etish hamda kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.

Kelishuvga muvofiq, tomonlar maqom ijrochiligi maktablarini ommalashtirish, iqtidorli yosh ijrochilarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, maqom san’atiga oid madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va qo‘shma loyihalarni tashkil etish hamda amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar.

Uchrashuv davomida tomonlar mazkur memorandum milliy san’atimizning noyob namunasi bo‘lgan maqom an’analarini saqlash va rivojlantirish, uning ijrochilik salohiyatini keng namoyon etish hamda jamiyatda milliy madaniy merosga hurmatni yanada yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.