ALOQA UCHUN

YOZYOVON TUMANINING ELEKTR TA’MINOTI QUVVATI OSHIRILMOQDA: YANGI KUCH TRANSFORMATORI MONTAJ QILINDI

Farg‘ona viloyatida elektr energetikasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mavjud quvvatlarni oshirish hamda iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Ana shunday muhim loyihalardan biri Yozyovon tumanida amalga oshirildi.
Tumandagi 11 mingdan ortiq maishiy iste’molchi va yuzlab tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi «Yozyovon» podstansiyasiga quvvati 10 000 kVA bo‘lgan zamonaviy kuch transformatori olib kelinib, uni o‘rnatish bo‘yicha montaj ishlari bajarildi.

Mazkur loyiha tumanda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani, aholi xonadonlari va tadbirkorlik subyektlari soni hamda elektr energiyasi iste’moli hajmining oshishini inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Yangi kuch transformatorining o‘rnatilishi podstansiyaning energetik imkoniyatlarini kengaytirish, elektr tarmoqlaridagi mavjud yuklamalarni maqbullashtirish hamda kelgusida iste’molchilar soni va elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishini hisobga olgan holda qo‘shimcha quvvat zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda transformatorni belgilangan tartibda ishga tushirishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Bu kabi loyihalar tumanning kelgusi taraqqiyoti, ishlab chiqarish salohiyatining yuksalishi, tadbirkorlik faoliyatining kengayishi va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan muhim energetik qadamlardir.

  • 04.11.2026
  • 18
Sayt xaritasi