ALOQA UCHUN

KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK: ZAXIRALAR SHAKLLANTIRILIB, TARMOQLAR YANGILANMOQDA

Tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Boshqaruvi raisi Sardor Isakulov jamiyat tomonidan iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirish hamda kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda jamiyat tizimida qariyb 25 ming nafar xodim mehnat qilmoqda. Jamiyat tasarrufida 0,4–110 kilovolt kuchlanishli 271 ming 753 km elektr uzatish tarmog‘i, 282 ta podstansiya va 106 ming 140 ta transformator punkti mavjud. Joriy yilda 30 ming km elektr tarmog‘i va 11 mingta transformator punktida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Favqulotda holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 6 ming 561 nafardan ortiq xodimdan iborat 1 ming 189 ta avariya brigadasi shakllantirilib, ular tunu kun navbatchilik asosida faoliyat yuritmoqda. Brigadalar zarur texnika va maxsus avtotransport vositalari bilan ta’minlangan.

Shuningdek, avariyaviy holatlarda tezkor chora ko‘rish uchun 1 ming 99 dona tarmoq transformatori, 610 tonna transformator moyi, 431 kilometr kabel, 158 tonna sim, 7 ming 581 dona mufta, 7 ming 319 dona tayanch hamda 108 mingdan ortiq boshqa elektrotexnik materiallar zaxiraga jamlandi.

Taqsimlovchi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish doirasida 6 200 kilometr elektr tarmog‘i va 1 866 ta transformator punkti yangilanmoqda. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari, sanoat zonalari, mahallalar infratuzilmasi, Toshkent shahri va tumanlarni rivojlantirish loyihalari doirasida yangi elektr tarmoqlari va transformator punktlari qurilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 3,9 mingdan ortiq mahallada 3,7 milliondan ziyod iste’molchining elektr ta’minotini yaxshilash imkoniyati yaratilmoqda.

Matbuot anjumanida “Yangiyo‘l tajribasi” asosida yo‘lga qo‘yilgan “mahallabay” ishlash tizimi haqida ham ma’lumot berildi. Mazkur tizim doirasida 916 ta mahalla, 832 mingta xonadon, 49 mingta tadbirkorlik subyekti va 2,2 mingdan ortiq ijtimoiy soha obyekti qamrab olindi.

Har bir mahalla kesimida energetik pasport va energiya resurslariga bo‘lgan talab balansi shakllantirildi. Natijada 265 ta mahallada 60 MVt elektr quvvati yetishmovchiligi, 207 ta mahallada esa quvvat zaxirasi mavjudligi aniqlandi. Ayni paytga qadar ushbu yo‘nalishda 1 ming 258 ta transformator va 2 ming 198 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlandi.

“Mahallabay” yondashuv mavjud muammolarni joyida aniqlash, elektr tarmoqlarini o‘z vaqtida ta’mirlash va modernizatsiya qilish, shuningdek, elektr energiyasiga bo‘lgan talabni oldindan prognoz qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorligi izchil kengaytirilmoqda. Jumladan, Franklin Templeton kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida jamiyatning moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javob oldilar.

  • 08.10.2026
  • 75
Sayt xaritasi