Toshkent shahar Olmazor tuman elektr ta’minoti bo‘limida Bosh prokuratura mas’ullari hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Energosavdo filiali rahbariyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda tumanda elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarning ijrosi, to‘lovlar tushumi holati hamda debitor qarzdorlikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, elektr energiyasi uchun tushumlar rejasining to‘liq bajarilishini ta’minlash, to‘lov intizomini mustahkamlash, elektr ta’minoti tizimining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash, mavjud texnik kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.

Shuningdek, to‘lov qobiliyatiga ega iste’molchilardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni to‘liq undirish choralarini kuchaytirish, debitor qarzdorlikni bosqichma-bosqich qisqartirish hamda bu boradagi ishlarni har bir hudud kesimida muntazam monitoring qilib borish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mavjud qarzdorliklarning kelib chiqish sabablari ham tahlil qilinib, umidsiz qarzdorlik holatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, elektr energetikasi sohasida joriy etilayotgan yangi tizimlar hamda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini mas’ullarga yetkazish, ularning ijrosini ta’minlash va bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, ijro intizomini kuchaytirish hamda elektr energiyasi uchun to‘lovlar undirilishini yaxshilash bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.