Bu savolni bejiz qo‘ymadik. Joriy yilning 27-iyul kuni Prezident boshchiligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor masalalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida elektr va tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tizimida tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Urgut tumanida elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, hozirga qadar tumandagi 85 ta transformator punktida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari bajarilib, 2,3 kilometr yangi elektr uzatish tarmog‘i tortildi.

Elektr ta’minoti barqarorligini yanada yaxshilash maqsadida 7 ta transformator, 9,3 kilometr SIP kabel, 100 ta avtomat o‘chirgich, 30 ming dona yuqori va past kuchlanishli saqlagich, 1,3 ming dona izolyator, 2 tonna bo‘yoq hamda boshqa zarur maxsus elektr ehtiyot qismlari ajratildi.
