ALOQA UCHUN

FARG‘ONA TUMANIDA ELEKTR TA’MINOTI TIZIMI KOMPLEKS O‘RGANILMOQDA

Olib borilayotgan ishlar jarayonida elektr ta’minoti tizimining mavjud holati chuqur o‘rganilib, xonadonlar va boshqa iste’molchilardagi elektr hisoblagichlarning texnik holati, ularning ASKUE tizimi bilan aloqasi hamda ma’lumotlarni uzatish jarayoni to‘liq nazoratdan o‘tkazilmoqda.


Tumandagi 71 ta mahallani qamrab olgan ishlar doirasida 350 nafardan ortiq malakali mutaxassisdan iborat ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda.


Mutaxassislar tomonidan har bir hudud kesimida elektr hisoblagichlar birma-bir ko‘zdan kechirilmoqda. Xususan, ASKUE tizimiga ma’lumot uzatmayotgan, aloqaga chiqmayotgan hamda tizim talablariga mos kelmaydigan hisoblagichlar aniqlanib, ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.


Aniqlangan muammolarni bartaraf etish jarayonida aloqaga chiqmayotgan elektr hisoblagichlarni “Smart UP” qilish, ya’ni ularni zamonaviy raqamli tizim talablariga moslashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.


Shu bilan birga, ASKUE tizimiga texnik jihatdan mos kelmaydigan yoki foydalanish talablariga javob bermaydigan hisoblagichlar zamonaviy qurilmalarga almashtirilmoqda.


Buning natijasida elektr energiyasi iste’moli haqidagi ma’lumotlarni aniq va o‘z vaqtida olish, masofadan nazorat qilish, hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlash hamda tizimdagi uzilishlarni tezkor aniqlash imkoniyati kengayadi.


Olib borilayotgan ishlarning muhim jihati shundaki, aniqlangan har bir muammo faqat qayd etilibgina qolmay, uning kelib chiqish sababi o‘rganilib, joyida bartaraf etish chorasi ko‘rilmoqda.

Bu esa elektr energiyasini hisobga olish tizimini takomillashtirish bilan bir qatorda, elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish, iste’mol intizomini mustahkamlash va mavjud resurslardan samarali foydalanish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqsad — har bir kilovatt-soatni aniq hisobga olish, har bir muammoni manzilida bartaraf etish va iste’molchilarga zamonaviy, sifatli hamda shaffof xizmat ko‘rsatishga erishishdir.

Farg‘ona tumanida elektr ta’minoti tizimini raqamlashtirish va ASKUE tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu amaliy ishlar hududlar kesimida izchil davom ettirilmoqda.

  • 07.08.2026
  • 42
Sayt xaritasi