Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan "Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi” filiali bilan hamkorlikda “Elektr ta’minoti” kafedrasining 4-bosqich talabalari taʼlimning dual shakli asosida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ huzuridagi “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi”da sayyor o‘quv mashg‘ulotida ishtirok etdilar. Mashg‘ulot jarayonida talabalar avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari (ASKUE), “aqlli hisoblagichlar”, ma’lumotlarni masofadan yig‘ish va tahlil qilish mexanizmlari bilan tanishtirildi.

Mashg‘ulot davomida markaz mutaxassislari elektr energiyasini hisobga olish tizimlarining ishlash tamoyillari, texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlari hamda raqamli monitoring platformalari orqali ma’lumotlarni boshqarish usullari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Talabalar real uskunalar bilan bevosita ishlash, amaliy tajriba orttirish va mutaxassislardan maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur mashg‘ulot kelajak muhandis-energetiklarni amaliy faoliyatga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etib, oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
