YOSH ENERGETIKLAR TANLOVI – XAVFSIZ ISHLASH MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH YO‘LIDA
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarkibidagi korxona va filiallarida “Xavfsizlik texnikasi ko‘rik oyligi” o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida ishchi-xodimlar o‘rtasida xavfsizlik texnikasi, mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan turli tadbir va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialida yosh kadrlarga yo‘naltirilgan “Yosh energetiklar ko‘rik-tanlovi” tashkil etildi.
Ikki bosqichda o’tkazilgan tanlov doirasida qatnashchilar nazariy test sinovi hamda “Vitim” trenajyorida shoshilinch holatlarda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashqni bajarishdi.Shuningdek, yosh mutaxassislar uchun zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan tanishuv tashkil qilinib, ular elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) va Markaziy dispetcherlik boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bu orqali ishtirokchilar elektr energiyasining uzluksiz uzatish va nazorat jarayonlarini real vaqt rejimida qanday boshqarilishi haqida chuqurroq tasavvurga ega bo‘lishdi.
Tanlovda O’zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Andijon viloyati Kengashining Mehnat texnika inspektori M.Azimxodjayev va Mehnatni muhofaza qilish bo’limi yetakchi mutaxassisi D.Qayumovlar ham ishtirok etib tanlov jarayoniga baho berdilar, amaliy bosqichda kuzatuv olib borib, ishtirokchilarga uslubiy maslahatlar berdilar.
Tadbir yakunida g‘oliblar faxriy yorliq va filial kasaba uyushmasi qo’mitasining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali matbuot xizmati