O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Energetika sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 11-sentabrdagi PF-139-son Farmoni talablari ijrosini ta’minlash hamda taqsimlash tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni hududlar kesimida bosqichma-bosqich qisqartirish choralarini ko‘rish maqsadida bugun Uchko‘prik tuman elektr ta’minoti korxonasida "Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ rahbariyati, tuman sektor rahbarlari, viloyatning barcha tuman va shahar elektr ta’minoti korxonasi boshliqlari, mahalla faollari ishtirokida podstansiyalar, yuqori va past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda transformator punktlarida texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, noqonuniy foydalanish holatlariga barham berish, samaradorlikni oshirish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida "Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ bosh direktori Azizbek Saydaliyev so‘z olib, "Uchko‘prik tuman tajribasi" doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ishtirokchilarga ma’lumot berdi.
Jumladan, Uchko‘prik tumanida joriy etilayotgan tajriba tumanga kirib kelayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘idan tortib, mansublik chegarasigacha bo‘lgan barcha tarmoq va qurilmalarni qamrab oladi. ASKUE tizimidan olingan dastlabki tahlillarga asosan hududlarda tashkiliy va texnik tadbirlar amalga oshiriladi.
Tajribadan asosiy ko‘zlangan maqsad – eng avvalo, aholi hamda tadbirkorlik subyektlarini sifatli, barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash va elektr energiyasini yetkazib berishda samaradorlikka erishishdan iborat.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Uchko‘prik tumanida "Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJning barcha shahar va tumanlaridan jalb etilgan 300 dan ortiq malakali mutaxassislaridan tashkil topgan 40 dan ortiq brigadalar ish faoliyatini olib bormoqda.