Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biri.
Korrupsiya o‘ziga tamagirlikni qamrab olgan holda jamiyatning ma’naviy ustunlari hamda demokratiyani yemirib, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy taraqqiy etishi uchun ulkan xavf tug‘diradi. Korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish demakdir.
Korrupsiya jamiyat rivojiga rahna soluvchi xavfli illat. Bu illatga qarshi nafaqat huquq-tartibot idora vakillari, balki barcha birdek kurashmog‘i lozim.
Shu maqsadda kuni kecha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Boshqaruv raisining o‘rinbosari O. Alimardonov, Yuridik boshqarma boshlig‘i J. Namozov, Farg‘ona viloyat Prokuraturasi bo‘lim prokurori U. Payziyev hamda jamiyat bosh direktori A. Saydaliyevlar boshchiligida “Farg`ona hududiy elektr tarmoqlari korxona” AJning katta majlislar zalida jamiyat rahbariyati, bo’lim, xizmat boshliqlari, jamiyat tasarrufidagi shahar-tuman elektr ta’minoti korxonalarining boshliqlari hamda o’rinbosarlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
O’tkazilgan davra suhbati davomida jamiyatdagi barcha yo’nalishlar tanqidiy va tahiliy birma-bir sarhisob, muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, bugungi kunga sohada amalga oshirilayotgan raqamli transformasiya jarayonlari, joriy etilayotgan ilg‘or tajriba va zamonaviy raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanilishi natijasida, korrupsiyaviy xavflar yuqori bo‘lgan ayrim toifa lavozimlar optimallashtirilib, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarda inson omili keskin cheklandi. Elektr energiyasidan foydalanishda qoidabuzarlik va noqonuniy holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini keskin qisqartirishga erishilayotganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Biroq, jamiyat tomonidan olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, ko‘maklashish o‘rniga o‘zining nopok xatti-harakatlari bilan korrupsiya botqog‘iga botayotgan xodimlar hali-hanuz tizimda uchrayotgani achinarli, albatta.
Shuningdek, davra suhbati davomida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini tizimli bartaraf etish, jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, sohada korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish lozimligi ta’kidlandi.
"Farg‘ona HETK" AJ matbuot xizmati.