ALOQA UCHUN

“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJDA GENDER TENGLIK MASALALARIGA BAG‘ISHLANGAN SEMINAR-TRENING TASHKIL ETILDI

Joriy yil 14 mart kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida “Elektr energiyasini sotishni avtomatlashtirish markazi” filiali binosida boshqaruv tizim hamda tarkibiy korxonalar xotin-qizlari uchun “Ayollarning energetika sohasida tutgan о‘rni” mavzuida seminar-trening о‘tkazildi.

Tadbirda О‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qо‘mitasi, О‘zbekiston Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Osiyo taraqqiyot banki vakillari, shuningdek, Energetika vazirligi tizim tashkilotlarining xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari raislari, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi о‘rinbosari A. G‘aybullayev seminarni kirish sо‘zi bilan ochar ekan, bugungi kunda elektr energiyani yakuniy iste’molchilarga yetkazib beruvchi Jamiyat va uning tarkibidagi 15 ta hududiy filial hamda 2 ta hududiy korxonalarida jami 25 591 xodim faoliyat yuritib, shulardan 2 635 nafarini ayol xodimlar tashkil etishini aytib о‘tdi.

Seminarda Oila va xotin-qizlar davlat qо‘mitasi bо‘lim boshlig‘i Nodira Karimova sо‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qо‘shib, bilimli, tashabbuskor va faol ayollarimiz Yangi О‘zbekistonning oltin fondi bо‘lib gavdalanayotgani haqida alohida tо‘xtalib о‘tdi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, – dedi N. Karimova. – Bu borada Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qator qaror va farmonlari ijrosi bugun barcha davlat va jamiyat idoralarida samarali amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Xususan, Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 7 martda imzolangan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qо‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi 87-sonli Farmoni asosida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning tarkibiy korxonalarida xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari tashkil etildi.

Seminar-trening doirasida Osiyo taraqqiyot banki loyihasining gender masalalari bо‘yicha mutaxassisi Dildora Tojibayeva tomonidan “Energetika sohasida gender omillarning integratsiyasi bо‘yicha ilg‘or xalqaro amaliyotlar” mavzuida taqdimot о‘tkazilib, unda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash borasida sezilarli ijobiy qadamlar tashlanayotgani, bu boradagi ishlar tizimli davom ettirilishi muhim ahamiyat kasb etishi haqida sо‘z bordi.

Birgina misol, bugun mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, nufuzli forum va anjumanlarda xotin-qizlarimiz faol ishtirok etayotganining guvohi bо‘lyapmiz. Xususan, Qirg‘iziston Respublikasida bо‘lib о‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika sohasi ayol mutaxassislarining birinchi xalqaro sammit-konferensiyasida ham energetika sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar hamkorligini oshirish, sohada erishilgan salmoqli natijalar bilan bо‘lishish, о‘zaro tajriba almashish bо‘yicha jamiyat vakili muhokamalarda qatnashgani yuqoridagi fikrlarga dalil bо‘loladi.

Seminar-treningda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilot raisi Saodat Ibragimova о‘tgan davrda belgilangan chora-tadbirlar asosida amalga oshirilgan ishlar bо‘yicha ma’ruza qildi.

Ta’kidlanishicha, 2022 yil davomida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning tarkibiy korxonalaridagi xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan gender muvozanatni ta’minlash, tizim ayollarini har tomonlama qо‘llab-quvvatlash, jamoada hamjihatlik muhitini shakllantirish, yetakchi ayollar safini kengaytirish, ularning sohadagi yetakchilik va rahbarlik qobiliyati, intellektual va ma’naviy salohiyati hamda huquqiy savodxonligini oshirish bо‘yicha samarali ishlar amalga oshirildi.

Ijtimoiy himoya, sport-sog‘lomlashtirish va madaniy-ma’rifiy yо‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish, xususan, jamoada xotin-qizlarning jismoniy foalligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish, sportga bо‘lgan qiziqishlarini yanada mustahkamlash maqsadida ayol ishchi-xodimlar о‘rtasida sportning voleybol, shashka, shaxmat, stol-tennisi kabi turlari bо‘yicha musobaqalar о‘tkazildi, – dedi ma’ruzachi. – Bundan tashqari, ularning salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, milliy genofondni yaxshilash maqsadida tarkibiy korxonalar ayol xodimlarini tibbiy kо‘rikdan о‘tkazish bо‘yicha amaliy ishlar olib borildi.

Jamiyat xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan joylarda о‘tkazilgan  yuqoridagi kabi kо‘plab xayrli tashabbuslar qatorida, Oila va xotin-qizlar davlat qо‘mitasining respublika bо‘yicha о‘tkazilgan “Xon atlas” festivali, “Zо‘ravonlikka qarshi 16 kun” mavzudagi о‘quv seminarlar, “Huquqiy bilimlarni oshirish kuni” loyihasi doirasida adliya boshqarmalari vakillari xamkorligida tashkil etilgan uchrashuvlar ham о‘rin olgan.

Seminar-treningda Jamiyatda ayollar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jamoa shartnomalari va kelishuvlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun belgilangan mehnat huquqlari haqida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ  "DXM" filiali Kasaba uyushmasi raisi Gulbahor Xakimovaning chiqishi ham yig‘ilganlar e’tiborini tortdi.  

Qayd etilganidek, ayol xodimlarning ishdan bо‘sh vaqtlarini maroqli о‘tkazishlari maqsadida dam olish maskanlari, yurtimizning qadimiy shaharlari va ziyoratgohlariga sayohatlar tashkil etildi. Bunday sayohatlarda bir dasturxon atrofida hamma bir jamoa bо‘lib, ahil-inoq dam olib kelishi jamiyat xodimlari о‘rtasida sog‘lom muhitning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi, albatta.

Seminar doirasida, shuningdek, “Jamoada mehnat samaradorligini oshirish” mavzuida psixologik trening о‘tkazildi.

О‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qо‘mitasi tomonidan taklif etilgan psixolog ishtirokida ayollar о‘rtasida mavjud yoki vujudga keladigan muammolarni hal qilish uchun zarur bо‘lgan bilim, kо‘nikma malakalarni hosil qilishga qaratilgan bahs-munozara, psixologik о‘yin va mashqlardan iborat mashg‘ulotlar bо‘lib о‘tdi.

Seminar-trening ishtirokchilari “Elektr energiyasini sotishni avtomatlashtirish markazi” filialida iste’molchilarga kо‘rsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bо‘ldidilar.

Xulosa о‘rnida, bugun energetika sohasida erkaklar bilan yelkama-yelka mehnat qilib kelayotgan ayollar safi kengayib borayotgani, buning uchun  Jamiyat tomonidan gender tenglik masalalariga alohida e’tibor qaratilib, bu kabi ishlar tizimli olib borilishi va davomiyligini ta’minlash yо‘lida kelgusida ham barcha choralar kо‘rilishiga ishonch hosil qilish mumkin.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

  • 15.03.2023
  • 1092
Sayt xaritasi