Avval xabar berganimizdek, Andijon viloyatining Asaka tumanida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o’rganish hamda “mahallabay” ishlash orqali hududlar aholisining muammolarini hal etish maqsadida, vazirlik va idoralar rahbar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan.
O’z navbatida ishchi guruhlar a’zolariga hududni mahallalar va xonadonlar kesimida o’rganish, bevosita aholi bilan muloqot qilish, mavjud muammolarni aniqlash, sohaga tegishli bo’lgan masalalalarni joyida hal etish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklatilgan bo’lib, ayni vaqtda ishchi guruh a’zolari hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialining mas’ul xodimlari va Asaka tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari o’z vazifalarini sidqidildan bajarmoqdalar.
Aytish joizki Asaka tumanida yashovchi aholi xonadonlarini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 8 dona transformator punktlari keltirildi. Hozirda ushbu transformator punktlari elektr energiyasidan muammoli hududlarga yo’naltirilib o’rnatish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, “Toshtepa” MFY Tegirmonboshi ko’chasiga yangi olib kelingan temir-beton tayanchlar hamda 1 dona quvvati 160 kVA bo’lgan yangi transformator punkti o’rnatish ishlari olib borildi.
Shuningdek, tumandagi “Marqayuz” MFYning Qondi ko’chasiga va “Ulug’bek” MFYning Sayillik ko’chasiga yangi olib kelingan transformator punktlarini o’rnatish va montaj qilish jarayonlari ketmoqda. Tumanning yana bir hududi “Ulug’bek” MFY Farg’ona ko’chasidagi yuqori kuchlanishli yer osti kabeli o’rniga 10 kVli havo tarmog’i tortildi.
Bundan tashqari “Yuqori kujgan” MFY Kujgan ko’chasiga olib kelingan yangi transformatorni tarmoqqa ulash ishlari bajarildi. Kelgusida Asaka tumanida olib borilayotgan ushbu hayrli ishlar albatta o’z samarasini beradi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali matbuot xizmati.