«QILIСHBOY»DA YANGI LINIYALAR
Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilinayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mamlakatimizning uzoq yillar davomida e'tibordan chetda qolib ketgan minglab qishloqlarining jamolini o'zgartirib yubordi. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, qishloqlarga infratuzilma borsagina hayot sifati o'zgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli, bu yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirilib, joriy yilda qishloqlarda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari hajmi yanada kengaydi.
Bugungi kunda Amudaryo tumanida ham muammoli aholi punktlari soni kamayib bormoqda. Tuman elektr ta'minoti korxonasi muhandis-texnik xodimlari «Qilichboy» ovul fuqarolar yig'ini aholisining sifatli va ishonchli elektr energiyasiga bo'lgan talabini qondirish maqsadida hududda yirik hajmda qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borishmoqda.
«Obod qishloq» dasturi doirasida bu yerda shu kunga qadar 46 dona temir-beton tayanch ustunlari o'rnatilib, 3 km SIP - kabellar tortildi va quvvati 100 kVA va 160 kVA bo'lgan ikki dona transformator punkti ishga tushirildi. Buning natijasida 500 dan ziyod xonadonlarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berilishiga erishildi.
Hududda xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
«Qoraqalpoq HETK» AJ matbuot xizmati