ALOQA UCHUN

"HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI" AJ TOMONIDAN MATBUOT ANJUMANI О‘TKAZILDI

"HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI" AJ TOMONIDAN MATBUOT ANJUMANI О‘TKAZILDI

Bugun, 12 aprel kuni О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutasaddilari ishtirokida “2021 yilda iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bо‘lib о‘tdi.

Tadbirda soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi о‘rinbosari Dilshod Nosirov tadbirni kirish sо‘zi bilan ochar ekan, hisobot yili davomida Jamiyat tomonidan respublikamiz iste’molchilariga barqaror elektr energiyasi yetkazib berish, amaliyotga innovatsion yechimlarga asoslangan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, boshqaruv tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish kabi qator yо‘nalishlarda ijobiy natijalarga erishilganini ta’kidlab о‘tdi.

Xususan, 2021 yilda iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi 64 379,6 mln.kVt.soatni tashkil etib, bu 2020 yilga nisbatan 2 629,6 mln.kVt.soatga yoki 104,3 % kо‘p demakdir.

Tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimiz aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-2030 yillar davomida 130 ming km past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda 40 mingdan ortiq transformator punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan bо‘lib, bu boradagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Anjumanda Jamiyat tomonidan 2021 yil davomida Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga ham alohida tо‘xtalib о‘tildi.  Xususan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi qaroriga asosan, о‘tgan yil davomida hududlarda past va о‘rta kuchlanishli 15 ming km elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingta transformator punktini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari tо‘liq yakuniga yetkazildi. Natijada, respublikamiz hududlaridagi 5 377 ta mahallada 2 mln.dan ortiq aholi va 13 mingga yaqin ulgurji iste’molchining elektr ta’minoti yanada yaxshilandi.

Xususan, “Obod qishloq” dasturi bо‘yicha 1 696 km elektr uzatish tarmoqlari va 463 ta transformator punkti hamda “Obod mahalla” dasturi bо‘yicha 270 km elektr uzatish tarmog‘i va 92 ta transformator punkti yangilandi va ta’mirlanganini qayd etish joiz.

Sohada olib borilayotgan bu kabi tizimli ishlarni joriy yilda ham davom ettirgan holda, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarda “Obod qishloq” va «Obod mahalla» Dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida” gi qarori asosida hududlarda elektr ta’minotini yanada yaxshilash borasida 130 367,4 km elektr tarmoqlari hamda 6 mingga yaqin transformator punktlarini yangilash, jumladan joriy yilda 2 7092 km tarmoq hamda 1110 dona transformator puktlarini yangilash va ta’mirlash belgilangan bо‘lib, bugungi kunda past kuchlanishli elektr tarmoqlarida bu boradagi ishlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Elektr tarmoqlaridan foydalanish Bosh boshqarmasi boshlig‘i о‘rinbosari Ulug‘bek Xakimov о‘z chiqishida yig‘ilganlar e’tiborini respublikamizdagi “og‘ir” va “о‘ta og‘ir” hudud sifatida tanlab olingan mahallalarda 2 654 km elektr uzatish tarmoqlari hamda 701 ta transformator punktining joriy holati yaxshilanishi natijasida mahalliy aholining sifatli elektr energiyasiga bо‘lgan ehtiyoji qondirilayotganiga qaratib о‘tdi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi doirasidagi ishlarga tо‘xtalib о‘tadigan bо‘lsak, о‘tgan yil davomida 10 379 km elektr uzatish tarmoqlari hamda 2 799 ta transformator punktida yangilash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganini kо‘rsak bо‘ladi, – dedi U. Xakimov. – 2021/2022 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik kо‘rish maqsadida 26 202,6 km elektr uzatish tarmoqlari va 9 061 dona transformator punktida mukammal ta’mirlash ishlari о‘z vaqtida olib borilgani tufayli hududlarda jiddiy nosozliklar kelib chiqmadi.

Ta’kidlanganidek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan bu kabi ishlar uchun ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish va kapital qо‘yilmalarga xarajatlarni qisqartirish maqsadida har bir hududiy korxona uchun maxsus litsenziyalar olingani, loyiha guruhlari hamda qurilish brigadalari tashkil etilgani, shubhasiz, ish samaradorligini oshirishga xizmat qildi. Bu boradagi say-harakatlarni yanada jadallashtirish maqsadida bugungi kunda 13 ta temir-beton tayanchlari hamda 14 ta travers mahsulotlari ishlab chiqarish sexlari faoliyati yо‘lga qо‘yildi.

Eng muhimi, yuqoridagi ishlar klaster usulida amalga oshirilishi natijasida birgina 2021 yilda 437 mlrd sо‘m mablag‘ tejalishi va yuqori iqtisodiy samaraga erishish imkoniyati yaratilgani alohida e’tirofga loyiqdir.

Bugun raqamli texnologiyalarsiz jamiyat taraqqiyotini tasavvur etib bо‘lmaganidek, elektr energiyasi tizimini transformatsiya qilmay, ish jarayonlariga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etmay sohada rivojlanishga erishib bо‘lmasligi ayon bо‘lib bormoqda. Shu ma’noda Jamiyat tomonidan hisobot yilida bu borada yangicha yondashuv asosida, ya’ni faoliyatga jahonning ilg‘or tajribalarini tatbiq etish, elektr energiyasi iste’molchilariga zamonaviy xizmatlar kо‘rsatish bо‘yicha olib borilgan say-harakatlar о‘zining ijobiy samarasini kо‘rsatmoqda.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktabrdagi 3981-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentabrdagi “Elektr energiyasini hisobga olish va avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi 594-sonli qarorlariga asosan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari izchillik bilan amalga oshirilganini ham alohida qayd etib о‘tish joizdir.

Xususan, bugungi kunda hududlarda elektr energiyasi iste’molchilariga jami 7,4 mln dona hisoblagichlar о‘rnatilgan bо‘lib, ushbu hisoblagichlarning 7,23 mln donasi billing tizimiga ulandi.

Bular hammasi emas. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari kо‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ-5278-sonli qarori hamda 2020 yil 31 yanvardagi “Davlat xizmatlari kо‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi PF-5930-sonli farmoniga asosan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan iste’molchilarni elektr tarmoqlariga sifatli va tezkor ulash hamda mukammal shartnomaviy xizmatlar kо‘rsatish maqsadida “Davlat va shartnomaviy xizmatlarni rivojlantirish” filiali tashkil etildi. Filial faoliyati yо‘lga qо‘yilganiga kо‘p vaqt о‘tmagan bо‘lsada, aholi va tadbirkorlik subyektlari kо‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnun bо‘lmoqda.

Tadbir sо‘ngida iste’molchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish, Prezidentimiz va hukumat tomonidan belgilangan sohaga oid vazifalar ijrosini ta’minlash, xizmat kо‘rsatish sifatini yanada oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlashda Jamiyat xodimlari zimmalaridagi mas’uliyatni doimo his qilgan holda faoliyatni davom ettirishlari qayd etildi.

Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari о‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

  • 12.04.2022
  • 3389
Sayt xaritasi