BAYRAM KUNLARI ELEKTR ENERGIYASINING BARQAROR YETKAZIB BERISH CHORALARI KO‘RILADI
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov yangi yil va bayram kunlari – 2024-yil 30-dekabrdan 2025-yil 3-yanvargacha iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga bag‘ishlangan elektr tarmoqlari shtabining yig‘ilishini o‘tkazdi.
Yig‘ilishda elektr ta’minoti korxonalari rahbarlari tomonidan hududiy korxonalarda zarur chora-tadbirlar ko‘rilgani – yong‘in xavfsizligi tizimlari ko‘rikdan o‘tkazilgani, avariyaviy jihozlar va materiallar zaxiralari yaratilganligi haqida ma’lumot berildi. Shu bilan bir qatorda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning barcha tarkibiy elektr ta’minoti korxonalarida ishchi va rahbarlarning kechayu kunduz navbatchiligi tashkil etildi.
Ijtimoiy soha obektlari, maishiy iste’molchilar hamda aholi dam olish maskanlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boshqaruv raisi xodimlarning xavfsizlik texnikasi talablariga qat’iy rioya qilgan holda ish olib borilishi zarurligini ta’kidladi hamda dam olish kunlari energetika obektlarida qo‘shimcha tekshiruv nazorati o‘tkazilishi hamda xavfsizlik choralari kuchaytirilishini aytib o‘tdi
Shuningdek, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda 1395 ta maxsus avariya brigadalari (6466 kishi va 1334 ta texnika) tunu kun faoliyat yuritishi belgilandi. Zarur bo‘lganda, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 100dan ortiq umumiy quvvati 90.000 kVA bo‘lgan ko‘chma zaxira quvvat manbalari (dizel elektr stansiyalari) shay holatga keltirilgan.
Shu bilan bir qatorda, 30-dekabrdan 3-yanvarga qadar “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha energetika obektlarida “texnologik osoyishtalik” ya’ni, elektr qurilmalarida rejali ta’milash ishlari amalga oshirilmaslik rejimi joriy etilmoqda.
Hurmatli iste’molchilar!
Agar Siz bayram kunlari elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, “Telegram”dagi @het_admin administratorga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz.