REJADAN TASHQARI TEKSHIRUVLAR TALON-TAROJ QILISH HOLATLARINI OLDINI OLMOQDA
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan muntazam ravishda energiya resurslaridan oqilona foydalanish va noqonuniy holatlarni aniqlashga qaratilgan tadbirlar о‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilning о‘tgan davri davomida Komplayens nazorat xizmati xodimlari tomonidan reyd tadbirlari о‘tkazilib, ularda qiymati 71 065,1 mlrd. sо‘mlik 67 989,2 ming kVt.soat elektr energiyasidan qonunga xilof ravishda foydalanish holati aniqlangan va qayta hisob-kitob qilingan.
Bundan tashqari elektr energiyasi ta’minotida rejadan tashqari tekshiruv va monitoring tadbirlari natijasida 165 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 32 531,2 mlrd. sо‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar hamda 23 635,2 mlrd. sо‘mdan ortiq о‘zlashtirish va talon-taroj qilish holatlari oldi olindi.
Nazorat va tahlil natijalari bо‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Qayd etish joizki, amaliyotga joriy etilgan “ASKUE” tizimi elektr energiyasi iste’molini har bir iste’molchi kesimida chuqur tahlil qilish imkonini bermoqda. Xususan, iste’mol hajmlarini doimiy ravishda monitoring qilish evaziga elektr energiyasidan foydalanishda qoidabuzilish holatlari tezda aniqlanmoqda.
О‘z navbatida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ iste’molchilardan elektr energiyasidan qonunga xilof ravishda foydalanmaslik va elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilishni sо‘rab qoladi.