OZARBAYJONLIK MUTASADDILAR ASKUE TIZIMINI JORIY ETISH BO‘YICHA O‘ZBEKISTON TAJRIBASI BILAN TANISHDILAR
Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi «Azerishig» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilaridan iborat delegatsiya a’zolari “Hududiy elektr tarmoqlari” Ajning “Elektr energiyasi sotishni avtomatlashtirish markazi” filialida respublikamiz bo‘ylab joriy etilgan elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish tizimi bilan yaqindan tanishdilar.
Markaz rahbari о‘rinbosari Diyor Nishonov mehmonlarga tizim imkoniyatlari haqida gapirarkan, bu yerda dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan server qurilmalari o‘rnatilgani, ulardagi dasturiy ta’minot orqali qariyb 20,0 mln. iste’molchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjudligi haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Tanishuv doirasida, shuningdek, delegatsiya a’zolari uchun Jamiyat tomonidan elektr energiyasini hisobga olish va nazarot qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish hamda orttirilgan tajriba va natijalar xususida taqdimotlar o‘tkazildi.
Xususan, respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahallalar kesimida elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanishi, maxsus dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shaklllantirish, ko‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoni mavjudligi amaliyotda kо‘rsatib о‘tildi.
Tashrif sо‘ngida mehmonlar markaz hovlisida о‘rnatilgan avtomobillarni elektr energiyasi bilan quvvatlashga mо‘ljallangan quyosh elektr stansiyasi imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Shuningdek, tadbir davomida mehmonlar “Elektron xisoblagich” MCHJ QKda bо‘lib, hisoblagichlarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdilar.