ELEKTR TA’MINOTI TIZIMINING DOLZARB MUAMMOLARI MUHOKAMA ETILDI
Bugun Toshkent davlat texnika universitetida О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, “Elektr ta’minoti tizimining dolzarb muammolari” mavzusida III Xalqaro ilmiy-texnik anjumani о‘tkazildi.
О‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovaitsyalar vazirligi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Germaniya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Slovakiya, Malayziya, BAA va bir qator MDH mamlakatlaridan nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari professorlari, xodimlari, energetika kompaniyalari vakillari hamda mahalliy olimlar, yosh olimlar, doktorantlar, aspirantlar, magistrantlar va bakalavriat darajasida tahsil olayotgan hamda ilmiy izlanishda bо‘lgan talabalar ishtirok etdi.
Anjumandan kо‘zlangan asosiy maqsad – elektr ta’minoti tizimining dolzarb muammolari, xususan uning ishonchliligi va energiyasamaradorligini oshirish, optimal loyihalash, elektr energiya sifatini ta’minlash yо‘nalishida mahalliy va xalqaro ilmiy maktablar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar bо‘yicha g‘oya va fikrlar almashish, shuningdek, elektr ta’minoti tizimini transformatsiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish kabi innovatsion ishlanmalarni joriy etishning imkoniyatlarini tahlil qilishdan iboratdir.
Anjumanda energetikaning joriy holati va istiqbollari, energosamaradorlik, energetika raqamli texnologiyalarning qо‘llanilishi, energiya va resurs tejash, issiqlik energetikasi, elektr energetikasi va suv-energetika muammolari; atom energetikasi; muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energetikaning ekologik muammolari yо‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari muhokama qilinadi.
Tadbir davomida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutaxassisi tomonidan mamlakatimizda Elektr energiyasini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etilishi yuzasidan taqdimoti bо‘lib о‘tdi.