ALOQA UCHUN

“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ TOMONIDAN О‘TKAZILGAN ENERGETIKA FORUMI DOIRASIDA IKKI TOMONLAMA SHARTNOMA IMZOLANDI

Bugun, 8 iyul kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini sotishni avtomatlashtirish markazi” filialida “Elektr tarmoqlaridan foydalanish sohasini rivojlantirish bо‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar” mavzuida xalqaro energetika forumi о‘tkazildi.

Tadbirda Janubiy Koreya, Xitoy kabi qator xorijiy davlatlarning yirik kompaniyalari vakillari, tizim tashkilotlari mutasaddilari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi о‘rinbosari Alvar Gaybullayev forumni kirish sо‘zi bilan ochar ekan, davlatimiz rahbari tomonidan bugungi kunda mamlakatimiz energetika sohasini tubdan isloh qilish, mazkur yо‘nalishga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, “raqamli transformatsiya” jarayonlarini izchil amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga yig‘ilganlar e’tiborini qaratdi.

Ta’kidlanganidek, sо‘nggi yillarda ayni sohada olib borilayotgan ishlarning kо‘lami va natijadorligi bugun har bir xonadon, ijtimoiy soha ob’yektlari va tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida о‘z aksini topmoqda. Ayniqsa, elektr energiya yetkazib berish tizimini yanada rivojlantirish maqsadida hukumatimiz tomonidan sohaga oid qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar sohaga istiqbolli loyihalarni tatbiq etish, samarali hamkorlik aloqalarini о‘rnatish imkonini bermoqda.

Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida ishga tushirilgan “Elektr energiyasini sotishni avtomatlashtirish markazi” mamlakatimizda energetika sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish, xususan, elektr energiya ta’minotida innovatsion texnologiya va yechimlardan foydalanish imkonini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati iste’molchilarga barqaror va sifatli elektr energiya yetkazib berishda xalqaro tajribani о‘rgangan holda raqobatdosh, ilmiy jihatdan asoslangan innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish orqali mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yо‘lida olib borilayotgan keng kо‘lamli chora-tadbirlarga о‘zining munosib hissasini qо‘shib kelmoqda. Xususan, Jamiyat tomonidan “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) joriy etilgani, ushbu dasturiy ta’minot orqali bugungi kunda elektr energiyasi iste’molining ishonchli hisob-kitob mexanizmi shaklllantirilib, energoresurslardan oqilona va maqsadli  foydalanish imkoni kengayib borayotganini qayd etish joiz.

Shu bilan birga, mazkur tizim ishga tushirilishi orqali iste’molchilar о‘rtasida tо‘lov intizomi mustahkamlanib, foydalanilgan elektr energiyasi uchun tо‘lovlarni istalgan joydan turib bank mobil ilovalari yoxud mamlakatimizda mavjud tо‘lov tizimlari (Click, Payme, Paynet) orqali о‘z vaqtida amalga oshirish imkoni yaratildi.

Tadbir ishtirkochilari “Elektr energiya sotishni avtomatlashtirish markazi” imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Yig‘ilganlar bu yerda respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahallalar  kesimida elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanishi, shu bilan bir qatorda  dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shaklllantirish, kо‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoni yaratilganiga guvoh bо‘ldilar. Bundan tashqari, qarzdor iste’molchilarni tо‘liq avtomatik ravishda о‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun tо‘lov amalga oshirilgandan sо‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash, iste’molchilar hisoblagichlaridan olingan ma’lumotlarni qayta kabi vazifalar tizim orqali boshqarilishi jonli misollar orqali tushuntirib berildi.

Forum doirasida CAS (Central AMI System/Markaziy EEHONQAT) dasturiy ta’minotni boshqarish hamda texnik jihatdan qо‘llab-quvvatlash bо‘yicha Jamiyat va Shenzhen Kaifa Technology (Chengdu) Co., LTd kompaniyasi о‘rtasida ikki tomonlama shartnoma imzolandi.

Ma’lumot о‘rnida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “KT Corporation” kompaniyasi о‘rtasida elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazini tashkil etish bо‘yicha 2019 yilda imzolangan bitim ayni maqsad yо‘lida qо‘yilgan dadil qadamlardan biri bо‘ldi. Elektron hisoblagichlar kelishuvga asosan koreyalik hamkorlarimiz hamda “Elektron hisoblagich” MCHJ QK va «Toshelektrapparat» MCHJlar tomonidan yetkazib berilishi belgandi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

  • 08.07.2023
  • 2916
Sayt xaritasi