ALOQA UCHUN

“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ: 2022 YILDAGI FAOLIYATNING ASOSIY KО‘RSATKICHLARI

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi «О‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi tо‘g‘risida»gi PQ-4249-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini yakuniy iste’molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarishni amalga oshirib kelmoqda.

Bugungi kunda Jamiyat tarkibidagi 12 ta hududiy filial hamda 2 ta hududiy korxona tomonidan (“Buxoro HETK” va “Farg‘ona HETK” AJlar) 0,4-6-10-35-110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini ekspluatatsiyasi, shuningdek, ularning rivojlanishi doirasida yangi qurilish, rekonstruksiya, kapital va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari 3 ta filial (“EEHOAM” filiali, “D va SHXR” filiali, “Davlat xaridlari markazi” filiali) tomonidan elektr energiyasi iste’molchilariga xizmat kо‘rsatib kelinmoqda.

2022 yil davomida Jamiyat tarkibiy korxonalari tassarufidagi 35-110 kV kuchlanishli 1 787 ta podstansiyadan  chiquvchi, 96 017 dona transformator punkti va 270,3 ming km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari orqali 390,3 ming yuridik hamda 7,4 mln. maishiy iste’molchilarga 68,0 mlrd kVt•soat elektr energiyasi yetkazib berilgan bо‘lib, 2021 yilning mos davriga nisbatan о‘sish sur’ati 105,6 foizni tashkil etdi.

Hisobot yilida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tarmoqlarda joriy va mukammal ta’mirlash ishlari bajarilishiga alohida ahamiyat qaratildi.

Xususan, 2022/2023 yil kuz-qish mavsumini betalafot о‘tkazish maqsadida 28 020,8 km elektr tarmoqlari va 9 685 ta transformator punkti mukammal ta’mirdan chiqarilib, bu borada belgilangan kо‘rsatkichlar ijrosi tо‘liq  ta’minlandi. Bundan tashqari, 35-110 kV quvvatga ega podstansiyalarda 86 dona kuch transformatori va 377 ta о‘chirgich mukammal ta’mirdan chiqarildi.

Yuqoridagi say-harakatlar natijasida hududlarda 3,5 mingdan ortiq mahalla va qishloqlarda qariyb 3,7 mln ta aholi iste’molchilari va 210 ming tadbirkorlik subyektlarining elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilandi.

Jamiyat tomonidan 2022 yil davomida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, raqamlashtirish va zarur elektr qurilmalarini mahalliylashtirish bо‘yicha ham keng kо‘lamli amaliy ishlar bajarildi.

Xususan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-72-son Qaroriga muvofiq, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2022 yil uchun 5 ta yirik investitsion loyiha doirasida jami 84,14 mln dollar, shundan:

“Ishtixon” podstansiyasidan "Gornorudnaya-2" podstansiyasigacha 110 kVli ikkinchi elektr uzatish tarmog‘ini qurish loyihasi doirasida (NKMK dasturi) 0,22 mln dollar;

Samarqand shahri tashqi elektr ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 8,0 mln dollar;

Respublika bо‘yicha 0,4-6-10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 43,8 mln dollar;

mavjud 35-110 kV elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 15,8 mln dollar;

Jamiyatda yangi billing tizimini ishlab chiqish va joriy etish loyihasi doirasida 13,0 mln dollar miqdoridagi mablag‘ о‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan qо‘shimcha loyihalalar, jumladan EIZ va KSZlarni tashqi elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 13,3 mln. dollar miqdorida о‘z mablag‘lari sarf qilindi.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ-172-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ham Jamiyat tomonidan tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 9 ming 259 ta mahalla xatlovdan о‘tkazilib, muammo aniqlangan 1 ming 71 ta “olis” va “og‘ir” toifadagi mahallada umumiy uzunligi 5 125,6 km elektr uzatish tarmoqlari va 1 063 ta transformator punkti yangilandi. Jumladan, yuqoridagi dastur  doirasida 3 087,2 km elektr uzatish tarmoqlari hamda 1 115 ta transformator punkti yangilandi va ta’mirlandi.

Jamiyatda olib borilgan transformatsiya ishlari va moliyaviy sog‘lomlashtirish say-harakatlari natijasi о‘laroq, 2022 yilda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning xalqaro indikativ reytingi “BB-“ “Barqaror” darajada baholanganini qayd etib о‘tish joiz.

E’tiborlisi, mazkur reyting “Hududiy elektr tarmoqlari” AJni jahonning investitsiya bozorida aniq va ravshan biznes strategiyasi, shaffof moliyaviy holati va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega korxona sifatida tanitadi.

Ma’lumot uchun, Jamiyat tomonidan 2022-yil yanvar-dekabr oylarida budjet va budjetdan tashqari fondlarga jami bo‘lib 1 077,22 mlrd so‘m miqdorida pul mablag‘i to‘lab berildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

  • 22.02.2023
  • 3279
Sayt xaritasi