“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI MAS’ULLARI ISHTIROKIDA SEMINAR O‘TKAZILDI
Ma’lumki, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni hamda iste’molchi va ta’minotchi korxonalar o‘rtasida amalga oshirilayotgan munosabatlar shaffofligini ta’minlash maqsadida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan (ASKUE) tizimi joriy etilgan.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish Markazi”da bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan zamonaviy ish jarayonlari bilan tanishdilar. Xususan, iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan joriy etilgan yangi tizim imkoniyatlari haqida atroflicha tushunchaga ega bo‘ldilar.
Mehmonlar bu yerdagi elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanishi, maxsus dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shaklllantirish, ko‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoni mavjudligi bilan yaqindan tanishdilar. Qarzdor iste’molchilarni to‘liq avtomatik ravishda o‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash, iste’molchilar hisoblagichlaridan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash kabi vazifalar ayni Markazdagi dasturiy ta’minot orqali boshqarilishi ularda alohida taassurot uyg‘otdi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.