ALOQA UCHUN

OG'IR HUDUDLAR KAMAYMOQDA

OG'IR HUDUDLAR KAMAYMOQDA

Aholining turmush farovonligini yuksaltirish, joylarda mavjud bo'lgan ijtimoiy masalalarni tizimli hal etish davlatimiz ichki siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanadi. Ushbu masalalar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoevning hududlarga qilgan tashriflari chog'ida alohida e'tiborga olinayotgani ham fikrimiz isboti bo'la oladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23-24 fevral' kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifidan so'ng Nukus shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishlardan orqada qolgan mahallalari belgilanib, ularda amalga oshirilishi zarur chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga muvofiq, 7 ta makon fuqarolar yig'inlarida ichki yo'llarni ta'mirlash, aholiga ko'rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash ishlari jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda. Hususan, bu ishlarda «Qoraqalpoq HETK» AJ tizimiga kiruvchi mehnat jamoalari ham faol ishtirok etmoqdalar.

«Qosko'l-2» makon fuqarolar yig'ini ham nihoyatda katta hajmda ijtimoiy muammolar jamlangan hudud edi. Bir vaqtlar bu yerga ko'chib kelgan aholi shu kunga qadar o'z muammolarini o'zlari hal qilishga odatlanib ham qolgan bo'lsa, endilikda ularga tizimli yechim topilmoqda. Elektr energiyasi ta'minotidagi mavjud muammolar ham birin-ketin bartaraf etilmoqda.

Nukus shahar ETK jamoasi tomonidan hududda shu kunga qadar qo'lbola usulda tiklangan simyog'ochlar o'rniga 307 dona temir-beton tayanch ustunlari tiklanib, 21 km ga yaqin zamonaviy Sip-kabellar tortildi. Aholining sifatli elektr energiyasiga bo'lgan talabini qondirish maqsadida 2 dona transformator punkti o'rnatildi. Bu bilan 700 dan ko'proq xonadonlarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berilishiga erishildi. «Og'ir hudud»da qurilish-ta'mirlash ishlari davom etmoqda.

«Qoraqalpoq HETK» AJ matbuot xizmati.

  • 04.08.2022
  • 827
Sayt xaritasi