“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJDA XOTIN-QIZLARNI YANADA QО‘LLAB-QUVVATLASH BО‘YICHA MANZILLI DASTUR ISHLAB CHIQILADI
Bugun, 14 iyul kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xotin-qizlar kengashi tomonidan О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qо‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PF-81-son farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan Jamiyatda olib borilayotgan amaliy ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilish о‘tkazildi.
Tadbirni Jamiyat Xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilot raisi Saodat Ibragimova kirish sо‘zi bilan ochar ekan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ markaziy apparati hamda tarkibiy korxonalarida bugungi kunda Xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari faoliyati samarali yо‘lga qо‘yilgani, ularning asosiy vazifalari sirasiga mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qо‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish hamda oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashdagi rolini kuchaytirish ishlariga hissa qо‘shishdan iborat ekanligiga alohida tо‘xtalib о‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Jamiyatda mehnat qilayotgan xotin-qizlar о‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni har tomonlama qо‘llab-quvvatlash, ayollar murojaatlari bilan ishlash, oilada ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, xotin-qizlarning muammolari, xususan, oliy ta’lim muassasalariga imtiyoz asosida о‘qishga kirish, bundan tashqari, ayollar qonuniy manfaatlarini himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam kо‘rsatish kabi yо‘nalishlarda manzilli ishlar olib borilishi zarur.
Yig‘ilish sо‘ngida yuqorida kо‘rsatib о‘tilgan vazifalardan kelib chiqilib, xotin-qizlar masalalari bо‘yicha boshlang‘ich tashkilot tomonidan yil oxirigacha amalga oshiriladigan manzilli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bо‘yicha kelishib olindi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.