ALOQA UCHUN

“ONA VA BOLA” TANLOVI

“ONA VA BOLA” TANLOVI

“Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aktsiyadorlik jamiyatida xodimlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishga, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan qator amaliy ishlar qilinmoqda. Shu maqsadda korxonada “Ona va bola” tanlovi tashkillashtirildi. Unda ishtirok etgan korxona tizimida ishlovchi ayollar va ularning farzandlaridan o'zlarining bilim va ist'edodlarini namoyish qilish orqali tomoshabinlarning e'tiborini qozonish talab etildi. Tadbirni “Qoraqalpoq HETK” AJ xotin-qizlar qo'mitasi raisi A.Samatova boshqarib bordi.

Tanlovning birinchi shartiga muvofiq har bir ishtirokchi o'zi va oilasi haqida hikoya qilib berishi zarur bo'ldi. Ularning bergan ma'lumotlarini farzandlari to'ldirib borishga harakat qilishdi. Tomoshabinlar va hay'at a'zolari ishtirokchilar haqida to'liq ma'lumotlarga ega bo'lganlaridan so'ng, kelgusi bosqichga navbat yetib keldi. Unda har bir da'vogar o'zlarining turli sohalar bo'yicha bilimlarini ko'rsatishi zarur bo'ldi.

Mamlakatimiz hayotidagi eng ahamiyatli voqealar, muhim sanalar, shu bilan birga jahondagi eng uzun daryo, eng ulkan hayvon, eng katta baliq va boshqa turli mazmundagi savollarga ishtirokchilar javob qidirdilar. Shuniyam ta'kidlash joizki, bunday savollarning ko'pchiligi ishtirokchilarda katta qiyinchilik tu'g'dirmadi.

Musobaqa g'olibligiga da'vogarlarning o'z ist'edodini namoyish qilgan chiqishlari gulduros qarsaklar bilan kutib olindi. Har bir ona va bola sahnada o'zlarining kuy va qo'shiqlarini jonli ijro etib, katta ist'edod egasi ekanligini ko'rsata oldi. Tanlov yakunlari bo'yicha eng yaxshi natijaga erishgan  Nukus shahar ETK operatori Jayna Nizanova g'oliblikni qo'lga kiritdi.

Bolalar o'rtasidagi tanlovda esa Miyrasbek To'rebaevga omad kulib boqdi. G'olib va sovrindorlar xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar. Kasaba uyushmalari qo'mitasi esa har bir ishtirokchi bolani yozgi dam olish markaziga yo'llanma bilan mukfotladi va 12 iyul' kuni Mo'ynoq tumaniga sayoxat tashkillashtirib berishni o'z zimmasiga oldi.

“Qoraqalpoq HETK” AJ matbuot xizmati.

  • 28.06.2022
  • 788