“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ FIRIBGARLARDAN EHTIYOT BО‘LISHGA CHAQIRADI
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan IIV, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mas'ul xodimlari bilan hamkorlikda о‘tkazilgan tezkor tadbir davomida navbatdagi firibgarlik fosh etildi.
Aniqlanishicha, о‘zlarini Yunusobod tumani ETK xodimlari deb tanishtirgan M.Y. va D.K.lar Yunusobod tumani 4-mavze 54-uydagi xonadonning elektr hisoblagichi (tamg‘alari buzilmagan) gо‘yoki notо‘g‘ri ulanganligini rо‘kach qilishib va shu bо‘yicha tarmoqdan uzish haqida tuzilgan dalolatnomani rо‘yxatdan о‘tkazmaslik evaziga xonadon egasi A.dan 200 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘i talab qilishgan. Natijada firibgarlar pora olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Bu hammasi emas. О‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Yunusobod tumani ETK ASKUE xodimi X.M. fuqaro M.Y.ga 22-sonli soxta guvohnoma yasab berganligi aniqlanib, hozirda yuqorida kо‘rsatib о‘tilgan holatlar yuzasidan, ya’ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qо‘zg‘atilgan va tergov harakatlari о‘tkazilmoqda.
Shu о‘rinda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ bunday firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq har qanday masalani tuman (shahar) elektr ta’minoti korxonalari xodimlari orqali hal etishni sо‘rab qoladi. Alohida ta’kidlash joizki, Jamiyat xodimlari о‘z xizmat guvohnomalari va tegishli xizmat kiyimlariga egadir.
“Hududiy elektr tarmoqlari» AJ barcha elektr energiya iste’molchilariga о‘zini elektr energiyasi korxonasi xodimi deb tanishtirgan yoki boshqa shubhali shaxslarga duch kelganda, xizmat guvohnomasini talab qilgan holda ular bilan muomilaga kirishish kerakligini eslatib о‘tadi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.