ALOQA UCHUN

TIZIMNI ISLOH QILISH BО‘YICHA HUDUDLARDA О‘QUV SEMINARLARI О‘TKAZILMOQDA

TIZIMNI ISLOH QILISH BО‘YICHA HUDUDLARDA О‘QUV SEMINARLARI О‘TKAZILMOQDA

Ma’lumki, mamlakatimizda keyingi yillarda yoqilg‘i-energetika resurslariga talab sezilarli oshib bormoqda. Xususan, birgina elektr energiyasi yetkazib berish tizimida bu boradagi kо‘rsatkichlarning oxirgi besh yilini olib qaraydigan bо‘lsak, aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasi 11 mlrd kVt.soatdan 16 mlrd kVt.soatgacha (1,5 barobarga kо‘p) ortgan. Shundan kelib chiqqan holda, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Energetika vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini о‘zgartirish tо‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon qilib olindi. Xalqaro tajriba asosida aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika bо‘yicha amalga kiritilishi belgilanmoqda.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarkibiy korxonalari tomonidan ayni kunlarda mahalliy OAV vakillari, blogerlar, bosma nashrlar jurnalistlari hamda tizimda faoliyat olib borayotgan soha mutaxassislari ishtirokida mazkur qaror loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan o’quv-seminarlar tashkil etilmoqda.

“Andijon HETK” AJ da о‘tkazilgan tadbirda elektr energiyasini ishlab chiqarish, yetkazish va taqsimlash jarayonlari, muammo va yechimlar, iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to’g’risida qisqacha ma’lumot berib o’tildi.

***

“Namangan HETK” AJ direktori Javlonbek Xalilov ishtirokida о‘tgan seminarda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  Xususan, joriy yilning о‘tgan davri davomida 77,5 km 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari va 46 dona 6-10/0,4 kV kuchlanishli transformator punktlari rekonstruksiya qilingani aytib о‘tildi. 2022-2026 yillar davomida amalga oshiriladigan ishlar, yangi quriladigan nimstansiyalar, kuch transformatorlari, havo tarmoqlari, transformator punktlarini qurish va ta’mirlash jarayonlari hamda iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hisob-kitob jarayonlari va zamonaviy hisoblagichlar bо‘yicha ma’lumotlar tinglandi.

***

“Samarqand HETK” AJda tashkil etilgan anjumanda dastlab o‘tgan yillar davomida viloyatda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash borasida olib borilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng ishtirokchilarga energiya resurslariga bo‘lgan qo‘shimcha talabni ta’minlash uchun yangi quvvatlarni barpo etish, energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilish maqsadida ishlab chiqilgan qaror loyihasining mazmun-mohiyati xususida ma’lumot berildi.

***

“Qashqadaryo HETK” AJ tashabbusu bilan ham jurnalist va blogerlar ishtirokida ayni mavzuga bag‘ishlangan seminar hamda press-tur tashkil etildi.

Dastlabki manzil yangi Ko‘kdalala tamanida qurilgan "Chorvador" nimstansiyasi bo‘ldi. Ta’kilanganidek, ayni nimstansiyaga 12 km uzunlikda 110 kVa li havo tarmogʻi tortilgan bо‘lib, 16000 hamda 10000 kVA kuchlanishli transformator punktlari o‘rnatilgan. Tadbirda  shuningdek, jurnalist va blogerlar e'tiboriga energetika sohasida yangicha to‘lov tizimi va barqaror rivojlanish omillari xususida batafsil ma'lumotlar berib о‘tildi.

***

«Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadolrlik jamiyatida ham Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan «O‘zbekistonda energiya resurslari bozori va energiya ta’minot tizimini isloh qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar va normativ-hujjat loyihasi» muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani о‘tkazildi.

Anjumanda Jizzax shahar Adliya bo‘limi, OAV, markaziy nashrlar muxbirlari, blogerlar, axborot xizmati rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Ma'lumot o'rnida, Qaror loyihasining muhokamasi barcha hududlarda joriy yilning 14 iyuniga qadar davom etadi!

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

  • 06.06.2022
  • 1041
Sayt xaritasi