YANGISANOAT – OBOD VA KO‘RKAM MAHALLAGA AYLANADI
Pastdarg‘om tuman aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida o‘tgan yili 43 km. yuqori kuchlanishli, 57 km. past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tortildi hamda 42 dona yangi transformator punktlari o‘rnatildi.
Joriy yilda ham tumanda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlari jadal davom ettirilmoqda. Xususan, tumandagi Yangisanoat mahallasida hozirgi kunda 565 ta xonadon mavjud bo‘lib, bu mahalla ham elektr ta’minoti og‘ir hududlar sirasiga kiradi. Mahalladagi mavjud simyog‘ochlar eskirgan va transformator punkti ham yuklama bilan ishlab kelayotgan edi.
Bugun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga asosan, Yangisanoat mahallasida ham amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 2592-, 2167-transformator punktlariga qo‘shimcha yangi transformator punkti o‘rnatish, past kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘iga yangi temir-beton ustunlarini tiklash hamda 3,2 km uzunlikda zamonaviy SIP kabellarini tortish ishlarini olib borilishi belgilangan.
Ayni damda mahallaga 61 dona temir-beton ustunlari olib kelinib, o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Belgilangan ishlar to‘liq yakunlangach, Yangisanoat – obod va ko‘rkam mahallaga aylanadi.
“Samarqand HETK” AJ matbuot xizmati.