FARG‘ONANING 93 YOSHLI ENERGETIK FAXRIYSI
Oramizda shunday insonlar borki, ularni ezgulik kurashchilari deyishga haqlimiz. “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatida uzoq yillar ishlagan, hozirda keksalik gashtini surayotgan Xabibullo ota Usmonovni yurt fidoiysi sifatida ehtirom bilan qadrlashadi.
Butun umrini hududlarni elektr ta'minoti bilan ta’minlashdek sharafli va mashaqqatli ishga bag‘ishlagan bu inson qishning izg‘irinli, yozning haroratli kunlarini pisand etmay, xonadonlarga yorug‘lik olib kirishga intilib yashadi.
Xabibullo Usmonov O‘zbekiston tumanining Yaypan shaharchasida 1929-yilning 1- yanvarida tavallud topgan.
Dastlab tumandagi 2-maktabda ta'lim oladi, u maktabni tamomlagan yillari Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelganligi bois, “Rodnik” oltingugurt koni, Sho‘rsuv qurilish homashyolari qazib olish konlarida front ortida fidokorona mehnat qiladi. Birda och, birda to‘q, yupun kunlarni boshdan kechirgan qahramonimiz hamisha yorug‘ kunlarga, bugungidek baxtiyor, dorilomon zamon kelishiga umid bilan yashadi va kurashdi.
Qahramonimiz 1953-1957-yillarda “Qo‘qon neftgaz" texnikumida taxsil oladi, 1959-yildan esa tumandagi elektr tarmoqlari korxonasida ish boshlaydi. O‘zining tirishqoqligi, tashabbuskorligi bilan e'tiborga tushgan yosh mutaxassis ko‘p o‘tmay korxona rahbari darajasiga ko‘tariladi.
Viloyat markazidan olisda joylashgan O‘zbekiston tumanida elektr ta'minoti borasida erishilgan yutuqlar viloyat, respublika rahbariyatining e'tiboriga tushadi. Shu bois, bu ezgu harakatlar kurashchisi Xabibullo Usmonovga nafaqat o‘zi istiqomat qilgan tuman, balki qo‘shni Beshariq, Uchko‘prik, Furqat, Dang‘ara, Rishton tumanlari hududlarini elektrlashtirishdek mas’uliyatli vazifa ishonib topshiriladi. Tinib-tinchimas inson elektr nuri kirgan xonadonlar quvonchiga sherik bo‘lish barobarida qishloq hududlarida sanoat rivojiga ham barakali ulush qo‘shadi.
Xabibullo Usmonovning matonatli mehnatlari bir necha bor viloyat va respublika miqyosida e'tirof etilib, turli faxriy yorliqlar va medallar bilan taqdirlanadi. U energetika sohasida “Ustoz-shogird” an’anasining rivojiga munosib hissa qo‘shgan. X.Usmonov tarbiyalagan yuzlab shogirdlari bugun jamiyatda turli lavozimlarda faoliyat olib bormoqda. Keksalik gashtini surayotgan qahramonimiz hamisha shogirdlar ardog‘ida. U kishining purma’no fikrlarini tinglash va duolarini olish niyatida kunda-kunora shogirdlari u kishining holidan xabar oladilar.
Xabibullo ota hozir 93 yoshda. Otaxon turmush o‘rtog‘i Xolidaxon Usmonova bilan 6 o‘g‘il va 2 nafar qizlarni tarbiyalab, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar sifatida tarbiyalashdi.
Frontorti mehnat faxriysi o‘zining mashaqqatli umr yo‘li, urush yillarida o‘tgan bolaligi, ushalmay qolgan orzulari, urushning insoniyat boshiga solgan kulfatlari haqida so‘zlab, bugungi tinch va farovon kunlarning qadriga yetish kerakligini bot-bot takrorlaydi.
Urush yillarida hali yosh bo‘lsamda, uning daxshati, yoshni ham, keksani ham ayamasligi, beshafqatligiga, millionlab oilalarga ko‘z yosh va nadomat keltirganiga guvoh bo‘ldim, urush o‘chog‘ida jang qilayotgan askarlarimiz bilan birga front ortida mardonavor kurashgan keksalarimiz, turmush o‘rtog‘ini frontga kuzatib, uning o‘rniga traktor mingan kelinlar, farzandining urushdan qaytishini kutib sochi oqargan onalarni ko‘rdim. – Bugungi dorilomon kunlar haqqi, endi urush bo‘lmasin. Farzandlarimiz urush nimaligini bilmay ulg‘ayishsin!
Otaxon qayta-qayta duoga qo‘l ochar ekan, tinch va farovon hayotimizga, osoyishta o‘tayotgan har bir kunimizga shukronalik keltirishimiz kerakligini uqtirdilar.
Tinchlik va ozodlik, farovon hayot uchun mardonavor kurashgan qahramonlarimizning jasorati, sabr-u qanoati har qancha tahsinga loyiq!
Shunday ekan, xonadonimiz farishtasi bo‘lgan keksalarimizning holidan xabar olib, ularning duolarini olaylik. Ular borki, biz mana shunday farovon hayotda, to‘kin-sochin zamonda yashayapmiz. Ularni asrash, avaylash va albatta, o‘tmishi-yu o‘gitlaridan ibrat olish har birimizning insoniy burchimizdir!
Bugungi kunda "Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ rahbariyati tomonidan "Ustoz-shogird" an'analariga alohida e'tibor berilishi jamiyatda ish unumdorligi oshishida istiqboldagi loyihalarni uzoq yillik tajribaga ega ustozlar ko‘magi bilan mukammal amalga oshirish imkonini yaratadi. Zero ustoz otangdek ulug‘, deya bejizga aytilmagan.
"Farg‘ona HETK" AJ matbuot xizmati.