“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ UCHUN XALQARO UNIVERSITET IT YO'NALISHIDA MALAKALI KADRLAR TAYYORLAYDI
2022 yil 24 fevral kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Toshkent shahridagi «Tashkent International University of Education» о‘rtasida tizim uchun malakali kadrlar yetishtirish hamda qayta tayyorlash xususida о‘zaro hamkorlik tо‘g‘risida memorandum imzolanishiga bag‘ishlangan tadbir bо‘lib о‘tdi.
Tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutasaddilari, tegishli mutaxassislar va ishchi-xodimlar hamda universitet vakillari ishtirok etdilar.
Jamiyat Boshqaruv raisining birinchi о‘rinbosari Jahongir Obidjonov tadbirda sо‘z olib, bugun izchil rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz, xususan elektr energetikasi tizimi uchun malakali muhandis va xodimlar yetishtirish masalasi dolzarb ekanligini ta’kidlab о‘tdi.
Shu ma’noda bugun imzolanishi kzо‘da tutilayotgan memorandum “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash masalasida «Tashkent International University of Education» bilan hamkorlikni yо‘lga qо‘yadi, – deydi J. Obidjonov. – Ushbu hujjatga asosan о‘quv muassasi Jamiyat uchun malakali kadrlar tayyorlash, ularning malakasini doimiy oshirib borish hamda kasbiy kо‘nikmalarini yanada rivojlantirish bо‘yicha ishlarni olib boradi.
О‘z navbatida «Tashkent International University of Education» rektori Nosir Xodjayev, bugungi kunda mamlakatimizda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga raqamli va pedagogik texnologiyalar hamda zamonaviy usullarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganiga tо‘xtalib о‘tdi.
Elektr energetikasi tizimini yanada rivojlantirish borasida soha oldida turgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, zamonaviy bilim va kо‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlarni milliy va xalqaro standartlarga muvofiq sifatli tayyorlash, ushbu jarayonga ilg‘or ta’lim texnologiyalari joriy etish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur hujjat orqali tomonlar texnologik muammolar doirasida ilmiy-tadqiqotlar tashkil etish va ularda ishtirok etish, о‘quv-sayyor mashg‘ulotlari va malakaviy amaliyotlarni о‘tkazish hamda muntazam ravishda sohaga oid adabiyotlar va boshqa nashrlar almashinish kabi yо‘nalishlarda ham hamkorlik olib boriladi.
Uchrashuv sо‘nggida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.