ALOQA UCHUN

NAMANGAN VILOYATI BО‘YICHA 2022 YILDA 328 TA YANGI TARANSFORMATOR PUNKTI О‘RNATILADI

NAMANGAN VILOYATI BО‘YICHA 2022 YILDA 328 TA YANGI TARANSFORMATOR PUNKTI О‘RNATILADI

Bu haqda “Namangan HETK” AJ tomonidan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan brifingda sо‘z bordi.

Jamiyat rahbari Javlon Xalilov ta’kidlaganidek, 2022 yil - "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili"da past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya-rekonstruksiya qilish borasida keng kо‘lami ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Viloyatdagi 6706 ta transformator punktining 2239 tasi yoki uchdan bir qismi moddiy va ma’naviy jihatdan eskirgani, ular 40 yildan oshiq vaqt mobaynida foydalanib kelinayotgani sabab iste’molchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berishda qator muammolar yuzaga kelmoqda.

Joriy yilda 328 ta yangi transformator punkti о‘rnatishni rejalashtirganmiz. Yana 1200 kilometrga yaqin elektr uzatish tarmoqlari tortamiz. Bu ishlarning barchasi uchun 111 milliard sо‘mdan ortiq mablag‘ sarflash kо‘zda tutilgan, – deydi J. Xalilov.

О‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mо‘ljallangan “Investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiyalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish tо‘g‘risida”gi PQ-72-sonli qaroriga asosan, 1192,2 km elektr tarmoqlari hamda 328  ta transformator punktlari о‘rnatish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2022 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida viloyat bо‘yicha 68,7 km uzunlikda past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini yangidan qurish va 33 dona transformator punkti о‘rnatish, 73,4 km uzunlikda past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 40 dona transformator punktini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.

Bosh direktor sо‘zida davom etar ekan, Namanganda elektr ta’minoti bо‘yicha holati eng og‘ir bо‘lgan 30 ta mahalla ajratib olingani va «og‘ir» hududga kiritilganini ta’kidlab о‘tdi. Ushbu mahallalarda elektr tarmoqlari, transformator punktlari mukammal ta’mirlanadi va yangilanadi, temir-beton tayanchlar о‘rnatiladi. Mutasaddilar ushbu mahallalarning har birida bо‘lib, aholi uchun taqdimot о‘tkazadi va bu ishlar qachon amalga oshirilishiga aniqlik kiritadi.

Xalqimizda qishning g‘amini yozda kо‘r, degan naql bor. Shunga amal qilgan holda, kelasi kuz-qish mavsumiga ham tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan о‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga barqaror elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida, 2117,2 km 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari va 755 dona 6-10/0,4 kV kuchlanishli transformator punktlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilmoqda.

Namangan shahri hamda tumanlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 110/6, 35/10, 35/6 kuchlanishli podstansiyalar quvvatlarini oshirish maqsadida yangi kuch transformatorlari о‘rnatilishi, shuningdek, 110 va 35 kVli elektr uzatish havo tarmoqlari rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Bu ishlarning bajarilishi hisobiga hududlardagi 317 500 dan ortiq aholi hamda 14 500 dan ortiq ulgurji iste’molchining elektr ta’minoti yanada yaxshilanishiga erishiladi.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi 3981-sonli qarori talablarini bajarish maqsadida, viloyatda mavjud jami 593 597 ta iste’molchiga ASKUE tizimiga mos elektr hisoblagichlar о‘rnatilgan bо‘lib, 542 226 dan ziyod hisoblagich “Billing” dasturiga ulash ishlari amalga oshirildi.           

Shu kungacha Jamiyat tasarrufidagi jami 6 635 ta transformator punktining barchasiga konsentrator qurilmalari о‘rnatib bо‘linib, ushbu transformator punktlaridan elektr energiyasi bilan ta’minlangan 612 335 ta iste’molchilarning hisoblagichlaridan avtomatik tarzda kо‘rsatkich olish va nazorat qilish imkoniyati yaratildi.

Brifingda, shuningdek, Jamiyatning tegishli mutasaddilari tizimda amalga oshirilishi rejalashtirilgan manzilli ishlar bо‘yicha qо‘shimcha ma’lumot berib о‘tdilar.

“Namangan HETK” AJ matbuot xizmati.

 

  • 21.02.2022
  • 912
Sayt xaritasi