ALOQA UCHUN

QIRG‘IZISTONLIK MUTASADDILAR ASKUE TIZIMINI JORIY ETISH BО‘YICHA О‘ZBEKISTON TAJRIBASINI О‘RGANMOQDA

QIRG‘IZISTONLIK MUTASADDILAR ASKUE TIZIMINI JORIY ETISH BО‘YICHA О‘ZBEKISTON TAJRIBASINI О‘RGANMOQDA

Xabaringiz bor, Qirg‘iziston Respublikasi Milliy energoxolding mutasaddilaridan iborat delegatsiya a’zolari mamlakatimizda bо‘lib, tashrif doirasida respublikamiz bо‘ylab joriy etilgan elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish tizimi bilan yaqindan tanishmoqda.

Kuni kecha Sirdaryo viloyatida bо‘lib, mazkur tizim afzalliklari haqida ma’lumotga ega bо‘lgan mehmonlar bugun  “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish Markazi”ga tashrif buyurdilar va bu yerda tashkil etilgan zamonaviy ish jarayonlarini yaqindan kuzatdilar.

Ta’kidlash joizki, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining о‘tgan yil О‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida umumiy manfaatlarni hisobga olgan holda, О‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari va mavjud masalalarni hal etish mexanizmlari atroflicha muhokama qilinib, boshqa yо‘nalishlar qatori energetika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgandi.

Shu ma’noda, bugun qо‘shni davlat elektr energetikasi tizimida faoliyat olib borayotgan korxonalar mutasaddilarining yurtimizga tashrifi ana shunday istiqbolli va о‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining о‘rnatilishidan darak bermoqda. Xususan, avvalgi tashrif doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Qirg‘iziston Respublikasi Milliy energoxolding о‘rtasida imzolangan ana shunday hamkorlik memorandumi ham yuqoridagi fikrimizga dalil bо‘loladi.

Tanishuv davomida delegatsiya a’zolari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan sohada olib borilayotgan islohotlar, xususan, elektr energiyasini hisobga olish va nazarot qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish hamda orttirilgan tajriba va natijalar xususida taqdimotlar о‘tkazildi.

Markaz rahbari Ravshan Mirsalixov mehmonlarga tizim imkoniyatlari haqida gapirarkan, bu yerda dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan server qurilmalari о‘rnatilgani, ulardagi dasturiy ta’minot orqali qariyb 20,0 mln. iste’molchiga xizmat kо‘rsatish imkoniyati mavjudligi haqida atroflicha ma’lumot berib о‘tdi.

О‘zaro tajriba almashish maqsadida tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar, shuningdek bu yerda respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahallalar kesimida elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanishi, maxsus dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shaklllantirish, kо‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoni mavjudligi bilan tanishib,  о‘zlarining taassurotlari bilan о‘rtoqlashdilar.

Markaz faoliyati bilan tanishish chog‘ida mehmonlar qarzdor iste’molchilarni tо‘liq avtomatik ravishda о‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun tо‘lov amalga oshirilgandan sо‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash, iste’molchilar hisoblagichlaridan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash hamda energetika tizimini nazorat qilish kabi ish jarayonlarini kо‘zdan kechirdilar.

О‘z navbatida, delegatsiya a’zolari Jamiyat tomonidan olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berar ekanlar, qisqa davr mobaynida erishilgan natijalardan xayratda ekanliklarini alohida ta’kidlab, past kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat kо‘rsatish hamda ASKUE tizimini joriy etishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tajribasi alohida e’tirofga loyiqligini qayd etib о‘tdilar.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

  • 16.02.2022
  • 786
Sayt xaritasi