FARGʻONADA JORIY YILNING DASTLABKI BIR OYIDA 4,7 MLRDDAN ORTIQ ELEKTR ENERGIYASIDAN NOQONUNIY FOYDALANISH HOLATLARI ANIQLANDI
Bugungi kunda elektr energiyasi insoniyat uchun qay darajada muhimligini kuni kecha respublikamiz boʻylab boʻlib oʻtgan energotizimdagi uzilishlardan bildik, koʻrdik va albatta, uni tejash, undan oqilona foydalanish muhimligiga yana bir bor amin bo'ldik.
Hozirga kunda mamlakatimiz boʻylab elektr energiyasining sifatli hamda barqaror yetkazib berilishini taʼminlash borasida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yetkazib berish sifatini yaxshilash bilan bir qatorda elektr energiyasidan oqilona va samarali foydalanish, tejash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
“Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan viloyat boʻylab ishlab chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari, koʻp kvartirali uy-joylar hamda savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida elektr energiyasidan oqilona va xavfsiz foydalanish boʻyicha reyd tadbirlari, targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Ming afsusski, doimiy olib borilayotgan mana shunday tadbirlar natijasida hududlarda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda.
Joriy yilning dastlabki bir oyi davomida viloyat boʻyicha 1040 dona elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan boʻlib, mazkur qoidabuzarliklar yuzasidan 4,7 mlrd soʻm miqdorida qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi.
Aniqlangan qoidabuzarliklarning 623 tasi yoki 60,0 foizi aholi isteʼmolchilariga toʻgʻri kelsa, 417 tasi yaʼni 40,0 foizi ishlab chiqarish tarmoqlari, ijtimoiy soha, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari ulushiga toʻgʻri keladi.
Ushbu raqamlardan koʻrinib turibdiki, oramizda beminnat dastyorimizga, kundalik turmushimizning ajralmas bir qismiga aylangan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari hali ham davom etmoqda.
Hurmatli barcha turdagi elektr energiyasi isteʼmolchilari!
“Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ elektr energiyasidan qonuniy, samarali va oqilona foydalanishingizni soʻrab qoladi.
Maʼlumot oʻrnida jamiyat tomonidan hududlarda elektr energiyasidan oqilona va xavfsiz foydalanish boʻyicha reyd tadbirlari, targʻibot-tashviqot ishlari davom etmoqda.
“Fargʻona HETK” AJ matbuot xizmati.