ENERGETIK XOTIN-QIZLARNING SARDORI
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlagandan so‘ng mehnat faoliyatini Nukus shahridagi 32-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchilikdan boshladi. Yoshligidan ota kasbiga bo‘lgan qiziqishi 1994 yildan “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati reja-iqtisod bo‘limiga iqtisodchi lavozimiga yetaklab keldi. So‘ngra yetakchi iqtisodchi, iӊtisod va reja bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Oradan yillar o‘tdi. Adilya Samatovaning ishga bo‘lgan javobgarligi, o‘z kasbiga fidoyiligi, energetika sohasiga qo‘shgan hissasi inobatga olinib, 2020 yili aksiyadorlik jamiyatning moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha direktori lavozimiga tayinlandi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 2021 yil mobaynida iste’molchilarga jami 1 milliard 475,2 mln. kVt soat, shundan chakana iste’molchilarga 901,0 mln. kVt soat, shaxsiy xonadonlarga 574,2 mln. kVt soat hisob-kitob amalga oshirilsa, 2021 yil davomida iste’molchilarga jami 584 milliard 679,3 million so‘mlik, shundan yuridik iste’molchilarga 415 milliard 288,2 million so‘mlik, shaxsiy xonadonlarga 169 milliard 391,1 million so‘mlik elektr energiyasi sotildi. Shu davr mobaynida iste’molchilardan jami 593 milliard 998,4 million so‘m (100foiz), shundan yuridik iste’molchilardan 412 milliard 31,8 million so‘m (99,2), xonadonlardan 181 milliard 966,6 million so‘mlik (107,4 foiz) mablag‘ undirishga, o‘tgan yil mobaynida debitor qarzdorlik 19 milliard 440,8 million so‘mni tashkil etib, 2021 yilning 1 yanvar holatiga nisbatan 10 milliard 535,0 million so‘mga kamayishiga erishildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektr energiyasi iste’molchilariga AIIS KUE tizimini joriy etish doirasida 393188 dona zamonaviy elektr hisoblagich o‘rnatilib, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimga o‘tishida xizmati katta.
Adilya Samatova shunday lavozimda faoliyat olib borish bilan birga, Xotin-qizlar kengashiga ham rahbarlik qilib kelmoqda. bugungi kunda korxonada 160 nafar xotin-qiz mehnat qilib kelmoqda.
Har bir bayram kunlarida korxonada ishlovchi xotin-qizlar rahbariyat tomonidan moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda, – deydi Adilya Samatova. –“Ayollar daftari”ga kiritilgan ko‘p bolali, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga korxona tomonidan 12 million 750 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. Namunali mehnat qilayotgan xodimlar sanatoriya va dam olish maskanlariga yuborilmoqda. Xotin-qizlar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligi yili”da xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarli shart-sharoitlar yaratish borasida dastur ishlab chiqilib, rahbariyat tomonidan tasdiqlandi. Ushbu dasturga muvofiq oila mustaxkamligini saqlash, turli nizolarning oldini olish maqsadida tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda turli psixologik treninglar tashkil etildi. Xotin-qizlar uchun Samarkand shahriga, Mo‘ynoq va Chimboy tumanilariga sayohatlar uyushtirilib, farzandlarining yozgi dam olishlarini tashkil etish maqsadida oromgohlarga yo‘llanmalar bilan ta’minlandi.
“Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” korxonasida Samatovlarni energetiklar oilasi deb hurmat bilan tilga olishadi. Bu bejiz emas. Otasi Taxir Samatov sohada 50 yildan ziyod ish tajribasiga ega faxriy energetik, ukasi Rustam Samatov releli himoya va avtomatika xizmatida muhandis-metrolog, singlisi Zumrad “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida iqtisodchi, Malika esa “O‘zenergoaloqa” tarmoq korxonasi muhandisi lavozimlarida mehnat qilmoqda.
Adilya jamoada yetakchi rahbar, xotin-qizlarning sardori, shu bilan birga namunali oila bekasi hisoblanadi. Turmush o‘rtog‘i Baxit Babadjonov bilan ikki nafar farzandni voyaga yetkazmoqda. Katta o‘g‘li Gafur oliy ma’lumotli, bugungi kunda Toshkent shahrida mehnat qilmoqda. Kenjasi Akmal ona kasbining davomchisi bo‘lib, Moskva energetika institutining mamlakatimizdagi filialida tahsil olmoqda.
Energetika sohasida deyarli 30 yilga yaqin mehnat qilib kelayotgan Adilya Samatovaning samarali mehnati rahbariyat tomonidan munosib baholab kelinmoqda. U kasb bayrami munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda sohada mehnat qilayotgan xotin-qizlar Adilya Samatovani o‘zlarining yetakchisi, deb biladi. Har bir xodimaning dardu-tashvishini hal etish, ularning og‘irini yengil qilish, ishdagi va oiladagi muammolarini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etishni burchi, deb biladi. Inson uchun eng oliy mukofot mana shu bo‘lsa kerak.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA