ALOQA UCHUN

"Bir xatoning ming jafosi"...

"Bir xatoning ming jafosi"... 

О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Boshqaruv raisining birinchi о‘rinbosari Rо‘ziqul Rayimovning “Bir xatoning ming jafosi” deb nomlangan kitobi taqdimoti bо‘lib о‘tdi.

Tadbirda yozuvchilar uyushmasi mutasaddilari, shoir va yozuvchilar, shuningdek, energetika tizimi xodimlari hamda yoshlar ishtirok etishdi.

О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid taqdimot marosimini kirish sо‘zi bilan ochib berar ekan, mazkur kitob energetika sohasi mashaqqatlari va mas’uliyati haqida sо‘zlovchi badiiy-publitsistik janrda yaratilgan ilk asar ekanligini ta’kidlab, ushbu kitob tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilishida muhim ahamiyat kasb etishini bildirib о‘tdi.

Tadbirda sо‘z olganlar mazkur asardagi voqeliklar energetika tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar о‘rtasida ish jarayonida vujudga kelayotgan baxtsiz hodisalar hamda ularni kelib chiqish sabablari realistik obrazlar orqali badiiy uslubda bayon qilinganini qayd etib о‘tdilar. 

– Tо‘plamga kiritilgan hayotnomalarni muallif tо‘qib chiqargan emas, u faqat odamlardan eshitgan va bor holida qog‘ozga tushirgan, xolos. Har bir qahramon taqdirida shundoq yonimizda yashayotgan turli insonlarning tarixi va qismati, baxti-yu baxtsizligi, quvonch va qayg‘usi о‘zining badiiy ifodasini topgan, – deydi Mustahkamlik va xavfsizlik va boshqarmasi boshlig‘i M. Egamqulov. – Kitobdagi har bir qahramon obrazi alohida nom ostida hikoya qilinishi zukko о‘quvchining fikru zikrini о‘ziga tortadi va adibning maqsad-muddaosini tabiiy ravishda yurak-yurakdan his eta boshlaydi.

Tadbir davomida sо‘zga chiqqanlar ushbu kitobning ma’no-mazmuni, о‘ziga xosligi, mualliflarning badiiy topilmalari, mahorati haqida sо‘z yuritdilar.

Atoqli yozuvchi Luqmon Bо‘rixon tahririda 20.000 nusxadan chop etilgan kitob tez fursatlarda о‘quvchilar qо‘liga yetib borganligi quvonarli.


“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati

  • 24.01.2022
  • 1247
Sayt xaritasi