QIRG‘IZISTON DELEGATSIYASI “ELEKTR ENERGIYASINI HISOBGA OLISHNI AVTOMATLASHTIRISH MARKAZI” FAOLIYATI BILAN TANISHDILAR
Bugun ayni kunlarda respublikamizda bо‘lib turgan qо‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining siyosiy va iqtisodiy tadqiqotlar boshqarmasi boshlig‘i Isanov Almaz Nasirdinovich boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish Markazi”da bо‘lib, bu yerda tashkil etilgan zamonaviy ish jarayonlarini yaqindan kuzatdilar.
Tanishuv davomida delegatsiya a’zolari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan sohada olib borilayotgan islohotlar, xususan, elektr energiyasini hisobga olish va nazarot qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish hamda orttirilgan tajriba va natijalar xususida taqdimotlar о‘tkazildi.
Jamiyat boshqaruv raisining birinchi о‘rinbosari Jaxongir Obidjonov past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiyalash va yangilash borasida keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar, jumladan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi tashabbusi bilan mahalliylashtirish asosida tizim uchun zarur bо‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish borasida erishilgan natijalar hamda sohani raqamlashtirish bо‘yicha olib borilayotgan keng kо‘lamli say-harakatlar xususida batafsil ma’lumot berib о‘tdi.
Markaz faoliyati bilan tanishish chog‘ida mehmonlar qarzdor iste’molchilarni tо‘liq avtomatik ravishda о‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun tо‘lov amalga oshirilgandan sо‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash, iste’molchilar hisoblagichlaridan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash hamda energetika tizimini nazorat qilish kabi ish jarayonlarini kо‘zdan kechirdilar.
О‘z navbatida, nufuzli mehmonlar Jamiyat tomonidan olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berar ekanlar, qisqa davr mobaynida erishilgan natijalardan xayratda ekanliklarini alohida ta’kidlab, past kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat kо‘rsatish hamda ASKUE tizimini joriy etishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tajribasi alohida e’tirofga loyiqligini qayd etib о‘tdilar.
Ochig‘i, juda xayratdaman. Qisqa davr mobaynida jamoangiz tomonidan erishilgan bu kabi natijalar alohida tahsinga loyiq. Bugungi tashrif davomida mintaqada yagona bо‘lib turgan mazkur tizim imkoniyatlari bizni lol qoldirdi, desam mubolag‘a bо‘lmaydi. Biz ham, о‘z navbatida, past kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat kо‘rsatish hamda ASKUE tizimini amaliyotga joriy etish bо‘yicha zarur tushunchalarga ega bо‘ldik, – dedi A. Isanov.
Uchrashuv sо‘ngida nufuzli mehmonlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tizimda olib borilayotgan keng kо‘lamli say-harakatlarga yuqori baho berib, Faxriy mehmonlar kitobida samimiy tilak va dil izhorlarini yozib qoldirdilar.
Ma’lumot о‘rnida: “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Janubiy Koreyaning «KT Corroration» kompaniyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida amalga oshirilgan mazkur loyiha energetika sohasini yanada rivojlantirish, xususan, elektr energiya ta’minotida innovatsion texnologiya va yechimlardan foydalanish imkonini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.