«NURMAKON» VА «АHILOBOD» MAHALLALARIDAGI AHOLI XONADONLARIDA ELEKTR ENERGIYASI TAʼMINOTI YANADA YAXSHILANMOQDA
«Toshkent shahar ETK» AJ tasarrufidagi Yunusobod tuman elektr taʼminoti korxonasi ishchi-xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi «2017-2021-yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish dasturi toʻgʻrisida» gi PQ-2661-sonli qaroriga asosan elektr uzatish tarmoqlarini taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Tumanning «Nurmakon» mahallasidagi Husayni, Bogʻbon, Dehqonobod koʻchalarida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarini sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun hududdagi TP-3325-sonli transformator punkti mukammal taʼmirdan chiqarildi hamda ushbu tarmoqdagi HL-04 kV boʻlgan past kuchlanishli havo elektr uzatish tarmogʻidagi eski alyumin simlar oʻrniga 200 metr uzunlikdagi yangi zamonaviy SIP rusumidagi kabel tarmoqlari tortildi.
Bundan tashqari, 13-dahadagi «Ahilobod» mahallasining aholi isteʼmolchilarini elektr energiyasiga boʻlgan talabini toʻliq qondirish hamda sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida, tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan Davlat dasturlari asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Unga koʻra ushbu MFYlar hududlarida joylashgan TP-2521-sonli transformator podstansiyasi hamda 50-sonli koʻp qavatli uylarni elektr energiyasi bilan taʼminlovchi 10 kV li yuqori kuchlanishga ega boʻlgan yer ostidan oʻtgan kabel tarmoqlarini yangilash hamda shikastlangan qismida taʼmirlash (montaj) ishlari olib borildi.
Bu bilan yuqorida keltirilgan mahallalardagi aholi xonadonlarining elektr energiyasi taʼminoti yanada yaxshilanadi hamda oʻchishlarning oldi olinadi.
Bu kabi belgilangan mukammal va joriy taʼmirlash ishlari reja-jadvaliga asosan «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ tasarrufidagi barcha tuman elektr taʼminoti korxonalarida olib borilmoqda.
«Toshkent shahar ETK» AJ matbuot xizmati.