ALOQA UCHUN

PAYARIQDA ELEKTR ENERGIYA SIFATI YAXSHILANADI

PAYARIQDA ELEKTR ENERGIYA SIFATI YAXSHILANADI

Bugungi kunda Payariq tumanida 10 ta nimstansiya, 1963,3 km. past kuchlanishli, 145,6 km. yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 812 ta transformator punktlari mavjud bo‘lib, ularning aksariyati 25 yildan ortiq xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shularni inobatga olgan holda, Prezidentimizning 2016-yil 23-noyabrdagi “2017-2021-yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizasiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida tumanda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, joriy yilda tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan tumanda past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini modernizasiya rekonstruksiya qilish va yangilash maqsadida 119,2 km. havo elektr uzatish tarmog‘i va 29 dona transformator punktlarini o‘rnatish vazifasi belgilangan bo‘lib, hozirda 71 km. havo elektr uzatish tarmog‘i va 16 dona transformator punktlari o‘rnatildi.

Tuman aholisini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash maqsadida muhtaram Yurtboshimizning topshiriqlariga asosan 2017-2021-yillar davomida tumanda 1 ta nimstansiya (Chelak nimstansiyasi)ning quvvati oshirilib, 265,1 km. past kuchlanishli uzatish tarmoqlari va 98 ta yangi transformator punktlari qurildi.

Shunga qaramasdan, tizimda hal qilinmagan qator muammolar mavjud bo‘lib, aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Viloyat hokimi tomonidan joriy yilning 28-avgustida Payariq tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham 752 nafar fuqarolar murojaat qilgan bo‘lsa, ularning 93 tasi aynan elektr energiya ta'minotini yaxshilash bo‘yicha qilingan murojaatlarni tashkil etgan.

Mazkur murojaatlarga asosan, tumandagi og‘ir ahvoldagi elektr tarmoqlari tahlil qilinib, viloyat hokimligi tomonidan 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan Dastur ishlab chiqildi. Ushbu dasturga binoan joriy yilda mahalliy budjet hisobidan 8,8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, 43 ta ob’yektda – 23 ta transformator punkti, 71,8 km. past kuchlanishli va 3,8 km. yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari qurish belgilab berildi.

Belgilangan vazifalar ijrosiga asosan, 10 dona 160/10 kV, 2 dona 100/10 kV transformator punkti, 90 dona temir beton ustunlari, 3769 metr zamonaviy SIP-2 hamda 5 ming metr zamonaviy SIP-4 kabellari, 1273 kg. AS-35 simi va turli xil kerakli jihozlar Payariq tumaniga yetkazib berildi. 

Endilikda belgilangan ishlar jadallik bilan amalga oshirilib, tumanda elektr energiya ta'minoti yanada yaxshilanadi.

Ma'lumot o‘rnida keltirib o‘tish joizki, 2022-yilga mo‘ljallangan dasturda ham tumanda 43 ta transformator punkti, 174,3 km. past kuchlanishli va 60,9 km. yuqori kuchlanishli tarmoqlarni qurish va rekonstruksiya qilish belgilab berildi.

“Samarqand HETK” AJ matbuot xizmati.

  • 01.12.2021
  • 3484
Sayt xaritasi