FARG‘ONA VA NAMANGAN VILOYATLARIGA IKKI KUNLIK PRESS-TUR TASHKIL ETILDI
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning tarkibiy korxonalari tomonidan joriy yil kuz-qish mavsumini kо‘ngildagidek о‘tkazish, xususan, hududiy elektr tarmoqlari va ularning tuman va shahar bо‘limlari tomonidan elektr tarmoqlarini yangilash, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, kapital ta’mirlash, chekka hududlarda aholi va ijtimoiy soha obyektlarnini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar hamda Davlat dasturlarining bajarilishi yuzasidan OAV xodimlari va blogerlar ishtirokida Farg‘ona va Namangan viloyatlariga ikki kunlik press-tur tashkil etildi.
Dastlabki manzil sifatida anklav hudud hisoblangan Sо‘x tumani tanlandi. Press-tur ishtirokchilari Farg‘onaning eng chekka hududi bugun butunlay qayta yangilanayotgani, xususan, mahallalarda elektr ta’minotini yaxshilash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilganining guvohi bо‘ldilar. Hududdagi Hazrati Ali ziyoratgohida OAV xodimlari va blogerlar “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali daraxt kо‘chatlari о‘tqazib, bog‘ barpo etishdi.
Hazrati Ali mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Sangi siyoh kо‘chasida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarini sifatli elektr energiyasiga bо‘lgan talabini qondirish maqsadida zamonaviy temir-beton tayanchlar о‘rnatilishi belgilangan bо‘lib, media-tur ishtirokchilari ayni jarayon bilan tanishish imkoniga ega bо‘ldilar. Mahalliy aholi jurnalist va blogerlarga elektr energiyasi ta’minotiga oid ularni qiynab kelayotgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilayotganidan mamnun ekanliklarini aytib о‘tdilar.
Ma’lumki, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 avgustdagi «2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining Sо‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida»gi qarori anklav hududda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, oilalar farovonligini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish borasidagi ishlar kо‘lamini sifat va salmoq jihatdan yangi bosqichga kо‘tarishda dasturilamal vazifasini о‘tamoqda.
Joriy yilga belgilangan 33,3 km 0,4-10 kVli elektr tarmog‘i, 448 dona temir-beton tayanch va 5 dona transformator punkti о‘rnatish ishlari yakunlanib, hozirgi kunda qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda, – deydi “Farg‘ona HETK” AJ bosh direktori Azizbek Saydaliyev. – Shular qatorida yuqori kuchlanishli tarmoqlarda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari doirasida 9 ta nimstansiyada 9 ta kuch transformatori katta quvvatlisiga almashtirilishi natijasida ushbu nimstansiyalarda 60 ming kVt quvvat zaxirasi yaratildi.
Shuningdek, Davlat dasturlari doirasida 45,5 km elektr tarmog‘i va 36 dona transformator punkti о‘rnatilib, foydalanishga topshirilishi natijasida 563 ta MFY hududida yashovchi 501 ming aholi va 12 120 ta tadbirkorlik subyektlarining elektr ta’minoti yaxshilandi.
Press-tur doirasida о‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, “Farg‘ona HETK” AJ tomonidan joriy yilda 15478 dona hisoblagich о‘rnatilib, tо‘liq billing tizimiga ulangan.
"Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan press tur Namangan viloyatida davom etdi.
Press tur avvalida Uychi tuman elektr ta’minoti korxonasining ma’muriy binosi va ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Xususan, iste’molchilar uchun yangi va zamonaviy qulayliklarga ega mijozlar bo‘limi tashkil etilgani mahalliy aholining alohida e’tirofiga loyiq bо‘lmoqda. Bundan tashqari TETK moddiy-texnik bazasi kо‘zdan kechirilib, yangi kran manipulyator, yamabor hamda gazel avtomashinalari xodimlar ishini yanada yengillashtirayotgani qayd etib о‘tildi.
“Namangan HETK” AJ bosh direktori Jahongir Rizzayev jurnalistlarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ajratilgan quvvati 40,0 mVAli kuch transformatori Namangan viloyatiga olib kelinib, Uychi tumanidagi 110/35/10 kVli “Kapteks” podstansiyasiga o‘rnatilgani haqida gapirib berdi.
Uychi tumanidagi 35/10 kVli “Uychi” podstansiyasidagi quvvati 4 000 kVA bo‘lgan kuch transformatorini 6 300 kVAliga, “Yorkatay” podstansiyasidagi 4000 kVA bo‘lgan kuch transformatorini 6 300 kVAliga almashtirib, ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda, – dedi korxona rahbari. – Yuqoridagi qurilish va ta’mirlash ishlarining bajarilishi hisobiga ushbu hududlardagi elektr energiyasi iste’molchilarining elektr ta’minoti yanada yaxshilandi.
Ikki kun davom etgan press-turda jurnalistlar о‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldilar.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.