SАDDА MАHАLLАSIGА YANGI TRANSFORMATOR OʼRNATILDI
Har qadamda xalqizimiz farovonligi, ularni bugungi kunidan rozi boʼlib yashashlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish lozimligi davlatimiz rahbari tomonidan koʼp bor taʼkidlab oʼtildi. Bu borada joylarda ulkan oʼzgarishlar davom etmoqda.
Toshloq tumani “Sadda” mahalla fuqarolar yigʼini hududidagi isteʼmolchilarni yillar davomida elektr taʼminotidagi kamchiliklar qiynab kelayotgandi. Bu borada fuqarolar murojaati ijobiy hal etildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi «2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish dasturi toʼgʼrisida»gi Qaroriga asosan, Toshloq tumani “Sadda” mahalla fuqarolar yigʼini hududi dasturga kiritildi va loyiha asosida amaliy ishlar boshlandi. Hududga zarur temir-beton tayanchlari oʼrnatilb, 0,4-10 kVli elektr uzatish tarmoqlari tortildi.
Loyihaning yakuniy bosqichida hududga yangi quvvati 100 kVА boʼlgan transformator punkti olib kelib oʼrnatildi.
Аmalga oshirilayotgan bu kabi islohotlardan mahalla ahli xursand! Yurt obodligi yoʼlida qilinayotgan ishlarni oʼz koʼzlari bilan koʼrib shukronalar aytishmoqda.
Maʼlumot oʼrnida, ayni kunlarda Toshloq tuman elektr taʼminoti korxonasi mutaxassislari tomonidan hududda yakuniy montaj ishlari bajarilmoqda.
Tez orada loyiha yakuniga yetkazilib, isteʼmolchilarga foydalanishga topshiriladi.
“Farg'ona HETK” AJ matbuot xizmati.