GURLAN TUMAN ELEKTR TA’MINOTI KORXONASINING YANGI BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
Mamlakatimizda barcha sohalar qatori energetika yо‘nalishida ham bir qator izchil islohotlar olib borilmoqda.
Foydalanishga topshirilgan Gurlan tuman elektr ta’minoti korxonasining yangi binosi ham, shubhasiz, sohada erishilayotgan ijobiy yutuqlar natijasi, desak mubolag‘a bо‘lmaydi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimligi, Energetika vazirligi xodimlari, “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, tuman mutasaddi korxona va tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari hamda OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Yangi bino ochilishiga bag‘ishlangan tadbir karnay-surnay sadolari yangrashi hamda faxriy otaxonlardan oq fotiha olish bilan boshlandi.
Ta’kidlash joizki, bino qurilishida sо‘nggi turdagi zamonaviy qurilish materiallari va energiyatejamkor texnologiyalardan keng foydalanilgan. Xususan, iste’molchilarni qabul qilish xonasi, kassa xizmatlari va boshqa xizmat turlari kо‘rsatish uchun kerakli barcha sharoitlar yaratilgan.
Bunday о‘zgarishlar va yangilanishlarning asosiy maqsadi, albatta, elektr energiyasi iste’molchilariga qulaylik yaratish bilan bir qatorda, ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratishdir.
Umid qilamizki, yangi binoda yaratilgan sharoitlar Gurlan tumani ahliga uzoq yillar xizmat qiladi.
Ma’lumot о‘rnida: Gurlan tumanida 28 230 aholi xonadonlari va 1474 ta ulgurji elektr energiyasi iste’molchilari mavjud bо‘lib, ularga korxonaning 65 nafar ishchi-xodimi xizmat kо‘rsatadi.
“Xorazm HETK” AJ matbuot xizmati.