ELEKTR ENERGIYASI ISTE’MOLCHILARI DIQQATIGA!
Avval xabar berilganidek, Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya bо‘lishi oqibatida elektr energiya ta’minotida о‘chishlar yuzaga keldi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan energiya tizimini barqarorlashtirish hamda elektr ta’minoti va boshqa tarmoqlar ishini tiklash bо‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida muntazam axborotlar berib borilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xodjikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.
Hozirgi paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasi ta’minoti tо‘liq tiklandi. Shuningdek, Toshkent shahar, Farg‘ona, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti qisman tiklanmoqda.
Respublikamizning qolgan hududlarida ham elektr energiyasi ta’minotini bosqichma-bosqich tiklash ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Shu о‘rinda, elektr ta’minoti tiklangan hududlardagi ayrim elektr energiyasi iste’molchilaridan tarmoqqa ulanmaganliklari haqidagi murojaatlar kelib tushayotganini qayd etib о‘tish joiz.
Ma’lumki, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rasmiy sahifalari orqali yetkazib berilgan elektr energiyasidan qarzdor bо‘lgan iste’molchilar ASKUE tizimi orqali avtomatik ravishda tarmoqdan ajratilishi haqida kо‘plab chiqishlar qilingan.
Umummintaqaviy energiya tizimi doirasida yuzaga kelgan nosozliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilayotgan paytda ana shunday qarzdorligi mavjud, ya’ni elektr energiyasi hisob-kitobini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali о‘chirilgan iste’molchilar tarmoqqa ulanishida muammolar kelib chiqmoqda.
Shu kabi holatlar, ya’ni qarzdorlik vujudga kelmasligi uchun iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun tо‘lovlarni о‘z vaqtida amalga oshirish zarurligiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ foydalanilgan elektr energiyasi uchun mamlakatimizda mavjud barcha tо‘lov tizimlari (U-Pay, Click, Payme, Paynet) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib tо‘lovlarni amalga oshirish mumkinligini yana bir bor eslatib о‘tadi.
Elektr energiyasi ta’minotiga oid batafsil ma’lumotlarni «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Telegram’dagi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ bilan muloqot kanali orqali olishingiz mumkin.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.