Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universitetida elektr energetikasi sohasida mehnat qilayotgan fidoyi mutaxassislar ishtirokida “Elektr ta’minoti xizmati jonkuyarlari” bilan uchrashuv hamda “Samarqand viloyat elektr tarmoqlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Munshaot” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan mazkur kitobda Samarqand viloyati elektr tarmoqlari tizimining shakllanish va rivojlanish bosqichlari, sohada yillar davomida samarali mehnat qilgan fidoyi insonlar faoliyati, erishilgan yutuqlar hamda bugungi islohotlar haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan.

Taqdimotda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Kubayev, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali direktori Eldor Mamasoliyev va boshqalar so‘zga chiqib, kitobning ahamiyati, elektr energetikasi sohasida mehnat qilayotgan insonlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ta’kidlanganidek, elektr energiyasi — hayotimiz barqarorligi, ishlab chiqarish taraqqiyoti va iqtisodiy yuksalishning muhim omillaridan biri. Uni aholi va iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish ortida esa o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan minglab mutaxassislarning mashaqqatli mehnati mujassam.

Shu ma’noda, “Samarqand viloyat elektr tarmoqlari” kitobi nafaqat sohaning kechagi tarixi, balki bugungi fidoyilik va ertangi maqsadlar haqida hikoya qiluvchi muhim manba sifatida ahamiyatlidir. Unda kasb an’analari, ustoz-shogirdlik saboqlari va soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan insonlar xotirasi mujassamlashgan.

Tadbir davomida elektr energetikasi sohasining faoliyati, uning bugungi imkoniyatlari va sohada amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi.

Uchrashuv samimiy muloqotlar, kasb fidoyilariga ehtirom va soha tarixi bilan bog‘liq xotiralar bilan uyg‘un tarzda o‘tdi. Taqdim etilgan kitob esa elektr energetikasi sohasidagi fidoyi insonlar mehnati va Samarqand elektr tarmoqlarining taraqqiyot yo‘lini kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.