Viloyatda joriy yil kuz-qish mavsumida iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror va ishonchli ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bо‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish bо‘yicha mas’ul xodimlarning amaliy kо‘nikmalarini oshirish maqsadida maxsus-taktik о‘quv mashqi tashkil etildi.

О‘quv mashqi doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo hududiy filiali obyektlarida amaliy mashg‘ulotlar о‘tkazildi. Jarayon davomida 3 ta о‘quv nuqtasida elektr tarmoqlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati hamda ehtimoliy nosozliklarni tezkor bartaraf etish bо‘yicha amaliy harakatlar sinovdan о‘tkazildi.

Xususan, mahallalarda elektr ta’minoti tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bо‘lgan holatlar bо‘yicha mas’ul xodimlarning harakatlari kо‘rib chiqildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida elektr kabel liniyasining shikastlangan qismini aniqlash va ta’mirlash, shuningdek, havo elektr tarmog‘idagi nosoz yog‘och ustunni temir-beton ustunga almashtirish bо‘yicha ishlar amalga oshirildi.

Bunda avariyaviy holatni aniqlashdan tortib, zarur texnika va jihozlarni safarbar etish, ta’mirlash ishlarini bajarish hamda elektr ta’minotini qayta tiklashga qadar bо‘lgan jarayonlarda mas’ul xodimlarning tezkor harakatlari va amaliy kо‘nikmalari baholandi.

Maxsus-taktik о‘quv mashqi doirasida Qarshi shahrida joylashgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo hududiy filialining markaziy zaxira ombori, moddiy-texnik bazasi hamda temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish bazasi ham kо‘zdan kechirildi.

О‘rganish jarayonida mazkur obyektlarning 2026/2027 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, mavjud moddiy-texnik zaxiralar, zarur ehtiyot qismlar va vositalar bilan ta’minlanganlik holatiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, favqulodda va avariyaviy holatlar yuzaga kelganda zarur kuch va vositalarni tezkor safarbar etish, nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish hamda elektr ta’minotini qayta tiklash imkoniyatlari ham kо‘rib chiqildi.

Mazkur maxsus-taktik о‘quv mashqi kuz-qish mavsumida elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash, mas’ul xodimlarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bо‘yicha amaliy tayyorgarligini mustahkamlash va mavjud moddiy-texnik imkoniyatlarni yana bir bor sinovdan о‘tkazishga xizmat qildi.