ALOQA UCHUN

MILLIY QADRIYATLARIMIZ GULTOJI...

Bugun, 25-oktabr kuni “Hududi y elektr tarmoqlari” AJda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 34 yilligi hamda “O‘zbek tili bayrami kuni”ga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Energetika vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha maslahatchisi Sobirjon Qurbonov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining "Ijtimoiy-gumanitar fanlar" bo‘limi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Nodira Mustafayeva, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Dilshod Rajab hamda Davlat mukofotlari sovrindori, professor, elimiz suygan san’atkor O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova qatnashdilar.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘ribosari A. G‘aybullayev tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, barcha yig‘ilganlarni yurtimiz bo‘ylab keng nishonlangan bayram bilan tabriklab, millatning ruhi hisoblangan ona tilimizni avaylab-asrash, o‘zbek tili qadr-qimmatini yuksaltirish, uning sofligini saqlash, ravnaqi va istiqboli haqida qayg‘urish barcha qatori, energetiklarimizning ham oldida turgan ulkan burch va mas’uliyat ekanligiga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Darhaqiqat, milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, millatning madaniy va ma’naviy boyligi bo‘lgan o‘zbek tili xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuchdir. Uning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Shu o‘rinda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarkibiy korxona va barcha filiallarida bugungi kunda davlat tilida ish yuritishni tashkil etish va uning ijrosini nazorat qilish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, xususan, Jamiyat tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning barchasi davlat tilida ish yuritish talablariga asosan olib borilayotganini e’tirof etib o‘tish joiz.

Bundan tashqari, tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilayotgani, bugungi ijodiy uchrashuv ham ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi vazifalar ijrosini ta’minlash, qolaversa xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlash joizdir.  

Rahbarni tashabbusi bo‘lmasa, atrofidagi jamoani say-harakati bo‘lmasa bugungidek tadbirlar ham bo‘lmaydi. Men bugun ana shunday ajoyib tadbirda qatnashib, uylarimizni yorug‘lik bilan ta’minlab kelayotgan siz kabi mutaxassislar bilan uchrashganimdan juda mamnunman, – dedi Fanlar Akademiyasining "Ijtimoiy-gumanitar fanlar" bo‘limi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Nodira Mustafayeva o‘z chiqishida.

Tadbir qiziqarli va samimiy suhbat tarzida o‘tkazilib, adiblar va san’atkorlarning chiqishi unga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ayniqsa elimiz suygan san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, shoir  Dilshod Rajab tomonidan o‘zbek tilining qudrati va nufuzi haqida aytib bergan hikoya va she’rlari yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar yaqinda mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlangan “O‘zbek tili bayrami kuni”ning uzviy davomi sifatida nafaqat ijro apparati, balki uning quyi bo‘g‘inlaridagi korxona va filiallarida  ham ko‘tarinki ruh va kayfiyatda o‘tkazilmoqda.

Tadbir doirasida, shuningdek, kitob savdosi tashkil etilib, undan mamlakatimiz hamda xorijiy nashrlarning bugungi kunda tobora ommalashib borayotgan badiiy-ilmiy kitoblari, o‘zbek milliy  adabiyotimiz darg‘alari qalamiga mansub asarlar o‘rin egalladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

  • 25.10.2023
  • 660
Sayt xaritasi